Markaziy Osiyo xabarlari
Markaziy Osiyo mintaqasi strategik joylashuvi va boshqa ko‘plab imkoniyatlari sababli doimo xalqaro jamoatchilik diqqati markazida bo‘lib kelgan. Shu sababli bu hududda sodir bo‘layotgan voqea hodisalar ko‘pchilikka qiziq. Quyida mazkur mintaqada yaqin kunlarda sodir bo‘lgan muhim yangiliklar haqida ma’lumotlar olishingiz mumkin.

Tojikistonda havo shari qulashi oqibatida
o‘zbekistonlik fuqaro jarohat oldi
Kuchli shamol tufayli Tojikistonning Xo‘jand shahridagi bir necha binoning tomiga havo shari tushib, uch kishi jarohat oldi. Bu haqda “Kazinform” yozgan.
Mamlakat Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini nishonlash payti sodir bo‘lgan. Shahar markazidagi maydonga qo‘yilgan sharni zaif langar tufayli bo‘ron uchirib ketgan. Hodisa payti sahnda uch kishi bo‘lgan.
Agentlik qo‘shimcha qilishicha, 46 yoshli o‘zbekistonlik va 40 yoshli Xo‘jand fuqarosi jarohat olgan. Uchinchi jabrlanuvchi yengil jarohatlangan va kasalxonaga yotqizishga ehtiyoj sezmagan.

Qirg‘iziston BMT Nizomiga o‘zgarish kiritishni taklif qilmoqchi
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bu haqda “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Japarov mamlakat BMT Xavfsizlik Kengashidagi faoliyati doirasida ilgari surmoqchi bo‘lgan tashabbuslarni bayon qildi.
“Sentyabr oyida biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga o‘zgarish kiritish bo‘yicha juda jiddiy takliflarni taqdim etamiz. Tashkilot vakolatini yuqori darajaga ko‘tarishimiz kerak. BMT qarorlari barcha davlatlar tomonidan qat’iy bajarilishi kerak”, deya ta’kidladi Qirg‘iziston Prezidenti.
U shuningdek, tuzatish bo‘yicha boshqa ko‘plab takliflar taqdim etilishini ta’kidladi. Bundan tashqari, Japarov milliy rahbarlar va diplomatlarga Qirg‘izistonni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 3-iyun kuni Qirg‘iziston birinchi marta 2027-2028-yillar uchun BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylandi.
Ilgari BMT Bosh Assambleyasi Qirg‘iziston tomonidan chegara nizolarini tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilgan edi.

Turkmaniston – Turkiya munosabati rivojlanmoqda
Ashxobodda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo turkman-turk komissiyasi 9-yig‘ilishi yakuniy bayonnoma imzolanishi bilan yakunlandi. Hujjatning har tomonlama harakatlar rejasi va savdo, energetika, transport, qurilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va raqamli texnologiya kabi sohalardagi hamkorlikka umumiy nuqtai nazarni ifodalaydi.
“nCa” axborot agentligi xabar berishicha, muzokara yuqori darajada bo‘lib o‘tdi. Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov tomonidan qabul qilindi.
Turk rasmiylari Turkmanistonni Anqaraning Markaziy Osiyodagi eng yirik sheriklaridan biri, deb atadi, ikki tomonlama savdo va investitsiya oqimini oshirish muhimligini ta’kidladi.
Bundan o‘n yil oldin Anqara va Ashxobod muzokarasi asosan umumiy tarix, til va madaniyatga qaratilgan edi. Bugun esa sheriklik mazmuni mazkur muhim mavzulardan tashqari logistika yo‘laklari, sanoat hamkorligi, investitsiya imkoniyati va energetika aloqasi bilan to‘ldirilmoqda.
Turkiya qurilish kompaniyalari anchadan beri o‘zlarini Turkmaniston bozoridagi eng taniqli xorijiy ishtirokchilardan biri sifatida namoyon etib kelmoqda. Bugun o‘zaro ta’sir sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilmoqda.
Turkiya uchun Markaziy Osiyodagi iqtisodiy mavqeini chuqurlashtirish strategik zaruratdir. Turkmaniston o‘z navbatida iqtisodiy hamkorlikni diversifikatsiya qilish, eksport yo‘nalishini kengaytirish va mintaqaviy ta’minot zanjiriga chuqurroq integratsiyalashishga intiladi.

Qozog‘iston va olti OPEC+ davlati neft qazib olishni ko‘paytiradi
Yakshanba kuni virtual uchrashuvdan so‘ng yetti OPEC+ davlati umumiy qaror qabul qildi. Bu haqda “Kazinform” yozgan.
Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Iroq, Quvayt, Jazoir va O‘mon 2023-yil aprel oyida joriy etilgan ixtiyoriy qisqarishga nisbatan neft qazib olishni kuniga 188 000 barrelga oshirmoqchi.
– 2023-yil aprel oyida e’lon qilingan qo‘shimcha ixtiyoriy tuzatish o‘zgaruvchan bozor sharoitiga qarab va bosqichma-bosqich qisman yoki to‘liq bekor qilinishi mumkin. Mamlakatlar bozor sharoitini diqqat bilan kuzatib borish va baholashda davom etadi, barqarorlikni saqlab qolish yo‘lida davom etayotgan sa’y-harakatda ular ehtiyotkorlik bilan yondashuv va ixtiyoriy ishlab chiqarishni sozlashni bosqichma-bosqich bekor qilish, jumladan 2023-yil noyabr oyida e’lon qilingan ilgari amalga oshirilgan ixtiyoriy tuzatishni bekor qilish uchun to‘liq moslashuvchanlikni saqlab qolish muhimligini yana bir bor tasdiqladilar, – deyilgan tashkilot bayonotida.
Ta’kidlanishicha, ushbu chora OPEC+ yettiligiga kompensatsiya to‘lovini tezlashtirish imkonini beradi.
Ta’kidlash joiz, bu so‘nggi to‘rt oy ichida OPEC+ mamlakatlari orasida neft qazib olish me’yori to‘rtinchi marta oshirilishi. Avvalroq Qozog‘iston Respublikasi Energetika vazirligi Qozog‘iston OPEC+dagi ishtirokini o‘zgartirishni rejalashtirmayotganini ma’lum qilgan edi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA