Eron yadroviy dasturi bo‘yicha yangi kelishuv loyihasi muhokamada
AQSH va Eron o‘rtasidagi yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar doirasida Islom Respublikasi uchun uranni boyitish faoliyatini uzoq muddatga – taxminan 15 yilga taqiqlash masalasi muhokama qilinmoqda.
“The New York Times” nashri yozishicha, so‘nggi haftalarda tomonlar ehtimoliy kelishuvning to‘rtta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Vashington fikricha, mazkur choralar Eronning yadroviy dasturini kamida 15 yilga sezilarli darajada cheklashi mumkin.
Muzokaralardagi asosiy bandlardan biri Eronning uranni boyitish faoliyatini to‘liq to‘xtatishni nazarda tutadi. AQSH dastlab 20 yillik taqiqni taklif qilgan bo‘lsa, Eron 10 yillik muddatni ilgari surgan. Amerika rasmiylari tomonlar 15 yillik murosali variant bo‘yicha kelishuvga erishishi mumkinligini istisno etmayapti.
Xabarga ko‘ra, muzokaralar davomida boyitilgan uran zaxiralarini qisqartirish, Eronning asosiy yadroviy ob’ektlarini demontaj qilish hamda xalqaro inspektorlarga tezkor tekshiruvlar o‘tkazish imkoniyatini berish masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda.
Manbalarning ta’kidlashicha, hozircha muhokamalar ehtimoliy kelishuvning dastlabki parametrlari doirasida kechmoqda. Shu bilan birga, Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashishi muzokaralarning keyingi taqdiri va yo‘nalishiga oid noaniqliklarni saqlab qolmoqda.
S.Rahimov, O‘zA