Markaziy Osiyo va Germaniya muloqoti: mushtarak manfaatlar yo‘lida
Mintaqaviy sheriklik masalasi Markaziy Osiyo davlatlari taraqqiyoti kun tartibida doimo ustuvor o‘rin egallagan. Barqaror rivojlanishga ko‘p jihatdan ijtimoiy-siyosiy jarayon dinamikasi, o‘zgaruvchan ichki va tashqi konyunktura ta’sir ko‘rsatadi.
Mintaqamizning strategik joylashuvi, tabiiy mineral resurslarga boyligi, Yevropa va Osiyo o‘rtasida tranzit makon bo‘lib xizmat qilishi bilan dunyoning qudratli iqtisodiyotlari e’tiborini tortib kelgan.
Aytish joiz, so‘nggi yillarda mintaqaviy hamkorlik ikki darajada rivojlanmoqda: davlatlar miqyosida “Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvi” hamda dunyodagi yirik kuch markazlari bilan faol muloqot shakli – “Markaziy Osiyo plyus” formati asosida.

Markaziy Osiyo barqaror iqtisodiy rivojlanish sur’atini namoyon etayotgan bozor sifatida namoyon bo‘lmoqda. Iqtisodiyot faol o‘sishi barobarida mintaqa demografiyasida ham ijobiy o‘zgarish kuzatilmoqda.
Aholisi qariyb 80 million kishini tashkil qilgan mintaqamiz jadal kuchayib borayotgan, ayni payt xorijiy hamkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochayotgan, hamjihatlikni mustahkamlayotgan makromintaqaga aylanmoqda. BMT taxminiga ko‘ra, 2050 yilga borib Markaziy Osiyo aholisi 100 millionga yetadi. Mintaqamizga qiziqish sezilarli darajada oshgani “Markaziy Osiyo plyus” platformalari faoliyatida yaqqol ko‘rinadi.
Hamkorlik salohiyati va imkoniyati ushbu davlatlar hissasiga jahon yalpi ichki mahsulotining 75 foizi to‘g‘ri kelishi, bu makonda to‘rt milliardga yaqin aholi istiqomat qilishi qayd etilmoqda. AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Xitoy, Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashi bilan muloqot ko‘lami izchil kengayib borayotgani fikrimizni tasdiqlaydi.
“Markaziy Osiyo plyus” muloqot formati avval tashqi ishlar vazirlari darajasida edi, endilikda davlat va hukumat rahbarlari darajasiga ko‘tarilgan. Bu Markaziy Osiyodan manfaat ko‘zlayotgan qudratli davlatlar biz bilan muloqot yo‘lini tanlagani, har tomonlama manfaatli sheriklik yo‘lidagi masalalarni hal etishga konstruktiv yondashuv birinchi o‘ringa chiqayotganini anglatadi.
Boshqa tomondan Markaziy Osiyo davlatlari ham dunyo yetakchilari bilan teng sharoitdagi muloqotdan manfaatdor. Sababi, ko‘p tomonlama muloqot maydoni mintaqada bir-biriga zid manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, geosiyosiy kuchlar muvozanatini ta’minlashga xizmat qiladi.
Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols Markaziy Osiyoga faoliyati davrida birinchi marta tashrif buyurdi. 2023 yil iyun oyida mintaqamizga Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer kelgan edi.
Yevropaning mazkur qudratli davlati Markaziy Osiyo bilan aniq, amaliy natijaga erishishga qaratilgan, uzoq muddatli, ochiq va faol muloqotni davom ettirishga qat’iy intilishini namoyon etmoqda.
Germaniya ushbu hamkorlik kun tartibini shakllantirishda mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalasiga ko‘proq e’tibor qaratayotgani quvonarli.
Hisob-kitobga ko‘ra, Germaniyada ishchi kuchi tanqisligi 2035 yilga borib 7 millionga yetishi kutilyapti. Migratsiya bo‘yicha maxsus komissar Yoaxim Shtemp nemis ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston “yuqori malakali yoshlari ko‘p kam sonli davlatlardan biri”ligini ta’kidlagan. Mazkur salohiyatdan foydalanish har ikki tomon uchun manfaatli.
O‘zbekiston xorijda qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha ham insoniy, ham kasbiy va malakaviy imkoniyat keng. Shu nuqtai nazardan Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuv yakunida imzolangan O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida Migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim ayni yo‘nalishda muvaffaqiyatli sheriklik o‘rnatish uchun huquqiy asos yaratadi.
Hozirgi geosiyosiy manzara Markaziy Osiyo Sharq va G‘arb, Shimol va Janub iqtisodiy manfaatini birlashtiruvchi chorraha sifatida, samarador soha va yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilish borasidagi nufuzini keskin oshirmoqda. Germaniyaning yetakchi kompaniyalari Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan investitsiyaviy va texnologik sheriklikni kengaytirishga intilayotgani buning yorqin dalili.
Xullas, O‘zbekiston barcha yetakchi davlatlar bilan umumiy sa’y-harakatni yanada muvofiqlashtirish, amaliy hamkorlikni mustahkamlashga harakat qilayotganini qayd etish joiz. Shu maqsadda so‘nggi yillarda savdo, sarmoyaviy, transport va gumanitar sohalardagi mintaqaviy sheriklikni uzoq muddatli kun tartibi va istiqbolli rejalardan kelib chiqqan holda rivojlantirish bo‘yicha qator foydali taklif, tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Muxtor Nazirov,
O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi dotsenti,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori.
O‘zA