“Maʼrifat haftaligi” tadbirlari davom etmoqda
Bugungi globallaşuv davrida milliy özlikni anglaş, maʼnaviy qadriyatlarni asrab-avaylaş, yoş avlodni soğlom dunyoqaraş va mustaqil fikr asosida tarbiyalaş tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, mamlakat taraqqiyoti faqat iqtisodiy körsatkiçlar yoki bunyod etilayotgan inşootlar bilan emas, avvalo, jamiyatning maʼnaviy salohiyati, insonlarning bilim va tafakkuri, yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan ham belgilanadi.
Ayni şu maqsadlarga xizmat qilayotgan “Özbekiston — öz-özimizniki!” şiori ostidagi “Maʼrifat haftaligi” ijtimoiy-maʼrifiy loyihasi Buxoro viloyatida keng qamrovda ötkazilmoqda. Uç kun davomida Buxoro şahri, Qoraköl va Olot tumanlarida taniqli olimlar, ziyolilar, ijodkorlar, sanʼatkorlar hamda keng jamoatçilik vakillari iştirokida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, oçiq muloqotlar, ijodiy uçraşuvlar, seminarlar va ezgu taşabbuslar amalga oşirilmoqda.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” tarğibotçilar jamiyati hamda hamkor taşkilotlar iştirokida taşkil etilgan haftalikning boş ğoyasi — yurt taqdiriga daxldorlik, milliy qadriyatlarga sadoqat va bunyodkorlik masʼuliyatini har bir inson qalbiga singdirişdan iborat.
Ayniqsa, “Özbekiston — öz-özimizniki!” degan ğoyaning mazmun-mohiyati har bir fuqaroning Vatan ravnaqiga qöşadigan hissasi, islohotlarga munosabati va jamiyat oldidagi masʼuliyati bilan çambarças boğliq. Bu şior şunçaki balandparvoz çaqiriq emas, balki yurtni asraş, uning kelajagiga befarq bölmaslik va taraqqiyot uçun şaxsiy masʼuliyatni his etişga daʼvatdir.

Qoraköl tumanida haftalik doirasida “Mahalla bilan yuzma-yuz”, “Maʼrifat soati”, “Oila — muqaddas dargoh” va “Isteʼdodlar davrasi” loyihalari asosida uçraşuvlar taşkil etildi. Ularda milliy qadriyatlar, oilaviy munosabatlar, yoşlar tarbiyasi, mamlakatimizda amalga oşirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati hamda jamiyatda ijtimoiy birdamlikni mustahkamlaş masalalari muhokama qilindi.
Olot tumanida ham haftalik tadbirlari mazmunan boy va turli yönalişlarni qamrab olgani bilan ahamiyatli böldi. Jumladan, “Şayxlar” mahalla fuqarolar yiğinida “Yaşil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Maʼrifat” boğini barpo etişga qaratilgan ekologik aksiya ötkazildi. Bu taşabbus maʼrifat va obodlik tuşunçalarining özaro uyğunligini namoyon etdi. Zero, insonning tabiatga munosabati, atrof-muhitni asraş madaniyati ham uning maʼnaviy kamoloti va fuqarolik masʼuliyatining muhim körsatkiçidir.
Tuman Madaniyat markazida ötkazilgan “Isteʼdodlar davrasi” loyihasi esa taniqli sanʼatkorlar bilan yoş ijodkorlarni bir davraga jamladi. Ijodiy muloqotlar, mahorat darslari, badiiy çiqişlar va fikr almaşuvlar orqali yoşlarning sanʼatga qiziqişini oşiriş, iqtidorini namoyon etiş va ijodiy izlanişlarini qöllab-quvvatlaş masalalariga eʼtibor qaratildi.
Taniqli sanʼatkorlar öz hayotiy va ijodiy tajribalari bilan örtoqlaşib, sanʼat yölida izlaniş, tinimsiz mehnat va izçillikning ahamiyatini taʼkidladilar. Bunday uçraşuvlarning qadri şundaki, ular yoşlarga nafaqat kasbiy tajriba, balki hayotiy saboq ham beradi. Ustoz-şogird anʼanalarini davom ettiriş, yangi isteʼdodlarni kaşf etiş va milliy sanʼatimizga mehr uyğotiş esa madaniy muhitning yanada yuksalişiga xizmat qiladi.

Haftalikning yana bir muhim yönalişi oila institutini mustahkamlaş va yoşlar maʼnaviy xavfsizligini taʼminlaşga qaratildi. Xususan, Olot tumanida taşkil etilgan “Uyğoq idrok” loyihasida oilaviy qadriyatlar, soğlom diniy dunyoqaraş, yoşlarni yot ğoyalar taʼsiridan himoya qiliş, oilaviy ajrimlarning oldini oliş, şuningdek, oilada otaning örni va masʼuliyati kabi dolzarb masalalar atrofliça muhokama qilindi.
Muloqotlarda oilaning jamiyat hayotidagi örni, farzand tarbiyasida ota-onaning şaxsiy namunasi, özaro hurmat va işonçning ahamiyatiga alohida urğu berildi. Zero, har bir oiladagi soğlom muhit jamiyat barqarorligining muhim asosidir. Oilani asraş esa faqat bir tomonning emas, balki barça oila aʼzolarining özaro hurmati, mehr-oqibati va masʼuliyatini talab etadi.
Şuningdek, “Maʼrifat haftaligi” doirasidagi “Islohotlar — taraqqiyot poydevori” loyihasi ham eʼtiborga molik böldi. Unda Yangi Özbekistonda amalga oşirilayotgan keng kölamli özgarişlar, ularning mazmun-mohiyati, jamiyat hayotidagi ahamiyati va har bir fuqaroning bu jarayonlardagi iştiroki yuzasidan fikr almaşildi.
Muloqotlarda taraqqiyotning muhim şarti bilimli, taşabbuskor, zamonaviy fikrlaydigan va öz masʼuliyatini çuqur anglaydigan avlodni tarbiyalaş ekani taʼkidlandi. Bu jarayonda onaning örni, oiladagi tarbiya muhiti va ota-onaning maʼrifiy saviyasiga alohida eʼtibor qaratildi. Farzand tarbiyasi faqat mehr körsatiş bilan çeklanmasligi, balki bilim, sabr, pedagogik yondaşuv va şaxsiy namunaga ham tayanişi zarurligi qayd etildi. Zero, farzandining kelajagi uçun qayğuradigan ota-ona, avvalo, özining ham bilim va dunyoqaraşini boyitib borişi lozim.

Darhaqiqat, islohotlarning asl samarasi insonlar hayotida, ularning dunyoqaraşi, bilim darajasi va jamiyatdagi faolligida namoyon böladi. Bunyod etilayotgan zamonaviy inşootlar, yaratilayotgan iqtisodiy imkoniyatlar va keng kölamli dasturlar, eng avvalo, maʼrifatli, taşabbuskor va faol fuqarolar salohiyati bilan tölaqonli natija beradi.
Şu maʼnoda, “Maʼrifat haftaligi” doirasidagi tadbirlar oddiy uçraşuv va tarğibot işlaridan köra kengroq mazmunga ega. Ularda oiladan mahallagaça, taʼlim-tarbiyadan sanʼat va ekologiyagaça bölgan muhim yönalişlar qamrab olinib, inson omili, maʼnaviy masʼuliyat va fuqarolik daxldorligi yagona maqsad atrofida birlaştirilmoqda.
Zero, Yangi Özbekistonning kelajagi, avvalo, ilmli, keng tafakkurli, mustaqil fikrlaydigan va Vatan taqdiriga befarq bölmagan avlod qölida. “Özbekiston — öz-özimizniki!” degan ğoyaning hayotiy mazmuni ham şunda: yurt taraqqiyotini kutiş emas, unga har birimiz öz bilimimiz, mehnatimiz va taşabbusimiz bilan hissa qöşişimiz kerak. Ana şunday daxldorlik tuyğusi mustahkam bölgan jamiyatgina ezgu maqsadlar sari dadil odimlaydi.
Buxoroda haftalik doirasida tadbirlar davom etmoqda.
Zarif Komilov, ÖzA muxbiri