Marhamat tumanida o‘quv-amaliy seminar
Marhamat tumanida aholi xonadonlarida boqilayotgan qoramollar mahsuldorligini oshirish, chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish hamda sun’iy urug‘lantirish xizmatlaridan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda soha mutaxassislari, mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish olib borayotgan hokim yordamchilari, qoramolchilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar, aholi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda chorvachilik, qoramol parvarishida zamonaviy usullarni joriy etish, sun’iy urug‘lantirish orqali chorva mollari naslini yaxshilash, go‘sht va sut yetishtirish mahsuldorligini oshirish, shuningdek, chorva hayvonlari orasida turli yuqumli kasalliklar kelib chiqishining oldini olish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Mutaxassislar tomonidan sun’iy urug‘lantirishning afzalliklari, jumladan, zotdor va nasli yaxshilangan qoramollardan yuqori mahsuldor nasl olish, kasalliklar tarqalishining oldini olish hamda hududda epizootik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha ma’lumot berildi.
Ishtirokchilar tomonidan chorvachilikni rivojlantirish orqali yuqori samaradorlikka erishish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, xususan, kam xarajat evaziga yuqori va sifatli chorva mahsulotlari yetishtirish imkoniyatlari xususida, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Seminarda hokim yordamchilariga aholi o‘rtasida qoramolchilikning afzalliklari haqida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, xonadonlarda chorvachilikni rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri