O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Turkiyaning yetakchi media tuzilmalari bilan memorandum imzoladi
Turkiyaning tarixiy va go‘zal shaharlaridan biri — Balikesirda “Madaniyat yo‘nalishidan raqamli kelajakka: madaniyatlar, media va sun’iy intellekt” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro mediaforum doirasida O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi va Turkiya media tuzilmalari vakillari ishtirokida mazmunli muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlarda ikki mamlakat jurnalistika sohasining bugungi holati, zamonaviy media muhitida yuzaga kelayotgan yangi imkoniyat va chaqiriqlar, jurnalistlar o‘rtasida professional aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish hamda qo‘shma media loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotlarning muhim natijasi O‘zbekiston va Turkiya media tuzilmalari o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanganidir.

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi boshqaruvi raisi, taniqli ijodkor Shuhrat Oripov, Turkiya jurnalistlar federatsiyasi raisi Yilmaz Karaja va Turkiya Internet media birligi boshqaruvi raisi Sulaymon Basa tomonidan imzolangan hujjatlar ikki mamlakat jurnalistlari va media tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli va amaliy asosda rivojlantirish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Turkiya jurnalistlar federatsiyasi bilan hamkorlik jurnalistlar delegatsiyalari almashinuvi, mahalliy matbuotni rivojlantirish tajribasini o‘rganish, raqamli jurnalistika, sun’iy intellekt va media savodxonlik bo‘yicha qo‘shma seminarlar tashkil etish, jurnalistlar malakasini oshirish hamda xalqaro media forumlar o‘tkazish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya jurnalistlari o‘rtasida professional tarmoqni kengaytirish masalasi ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Turkiya jurnalistlar federatsiyasi 1996-yilda tashkil etilgan bo‘lib, jurnalistlarning kasbiy manfaatlarini himoya qilish, matbuot va so‘z erkinligi masalalarida jurnalistik hamjamiyatning umumiy pozitsiyasini ifoda etish, mahalliy va mintaqaviy matbuotni qo‘llab-quvvatlash hamda professional hamkorlikni kuchaytirish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Federatsiya Turkiyaning 81 viloyatidagi jurnalistlar uyushmalarini o‘zida birlashtiradi.
Turkiya Internet media birligi (TİMBİR) bilan imzolangan hamkorlik memorandumi esa ushbu jarayonning raqamli media yo‘nalishini yanada boyitadi. Mazkur tashkilot internet jurnalistikasi, raqamli media va onlayn axborot platformalarini birlashtiruvchi xalqaro maqomdagi professional media tashkilot bo‘lib, uning tarmog‘i Turkiyaning 81 viloyati va dunyoning 25 mamlakatidagi hamkorlik aloqalarini qamrab oladi. Tashkilot tarmog‘iga 800 dan ortiq media tashkiloti va 1000 dan ziyod axborot platformalari kiradi.

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi TİMBİR bilan hamkorlik doirasida raqamli jurnalistika, internet media, jurnalistlar malakasini oshirish, media savodxonlik, dezinformatsiyaga qarshi kurashish, yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ta’lim dasturlari, seminar va treninglar orqali media xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, raqamli muhitda axborot ishonchliligi va jurnalistik etika masalalarida tajriba almashishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Balikesirdagi hamkorlik kelishuvlarini ikki mamlakat jurnalistlari o‘rtasida yangi muloqot maydonini shakllantiruvchi muhim tashabbus, yangi tajriba va yangi qo‘shma loyihalar uchun muhim qadam sifatida baholash mumkin. Bu hamkorlik O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni axborot makonida yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
O‘zA