Malakali pedagoglar – sifatli ta’lim poydevori
Navoiy shahridagi “Kelajak” markazida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi pedagoglarni saralash bo‘yicha test sinovlari tashkil etildi.
Mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, maktablarga bilimli, tashabbuskor va zamonaviy pedagoglarni jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Bu jarayonda pedagog kadrlarni saralashning shaffof va adolatli tizimini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Sinovlar belgilangan tartibda ochiqlik, xolislik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkazilayotgani nomzodlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlamoqda.

Test topshiriqlari ko‘p variantli (multiple choice) shaklda tayyorlangan bo‘lib, jami 40 ta savoldan iborat. Savollar nomzodlarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari hamda mantiqiy fikrlash qobiliyatini baholashga qaratilgan.
Fan yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda test topshirish uchun ajratilgan vaqt ham farq qiladi. Jumladan, matematika, informatika, fizika, kimyo va biologiya kabi aniq hamda tabiiy fanlar uchun 90 daqiqa, ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha esa 60 daqiqa vaqt belgilangan.
– Test natijalariga ko‘ra, har bir bo‘sh ish o‘rni uchun eng yuqori ball to‘plagan uch nafar nomzod (ballar ketma-ketligi bo‘yicha) suhbat bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi, – deydi viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zafar Niyozov. – Shu bilan birga, test jarayonining shaffofligi va xolisligini ta’minlash maqsadida barcha ishtirokchilar uchun yagona qoidalar belgilangan. Xususan, qonunchilik hujjatlari, ma’lumot beruvchi adabiyotlar yoki boshqa materiallardan foydalanish, texnik vositalarni ishlatish, o‘zga shaxslar bilan muloqot qilish yoki test yakunlanmasdan auditoriyani ruxsatsiz tark etish nomzodni test jarayonidan chetlashtirish uchun asos bo‘ladi. Bunday holatlar aniqlangan taqdirda belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, nomzod test sinovidan chetlashtiriladi.

Bugungi kunda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan bunday yangicha yondashuvlar pedagoglarni tanlash jarayonida inson omilini kamaytirish, bilim va salohiyatni asosiy mezonga aylantirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu kabi ochiq tanlovlar orqali maktablarga yuqori malakali, raqobatbardosh va o‘z kasbiga sadoqatli o‘qituvchilar jalb qilinib, yosh avlodga sifatli ta’lim berish uchun mustahkam zamin yaratilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri