Malaka oshirishga ketgan o‘qituvchining o‘rniga o‘tilgan dars uchun ustama to‘lanadimi?
Qonunchilikka ko‘ra, agar o‘qituvchi malaka oshirishga ketgan o‘qituvchining o‘rniga dars o‘tgan bo‘lsa, ushbu soatlar uchun unga belgilangan tartibda soatbay haq to‘lanishi lozim. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining qarori tasdiqlangan.
Bu borada Toshkent davlat Yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev quyidagicha ma’lumot berdi:
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida"gi nizomning 12-bandi 2-xatboshisiga ko‘ra, pedagog xodimlar mehnatiga soatbay haq to‘lash tizimi qo‘llaniladi. Bu tartib, xususan, kasallik yoki boshqa sabablar,shu jumladan, malaka oshirish bilan ishda bo‘lmagan xodimlarning o‘rnini bosish tartibida ishlab berilgan soatlar uchun haq to‘lashda ishlatiladi.

O‘rnini bosish tartibidagi bunday mehnatga haq to‘lash ketma-ket ikki oydan ortiq bo‘lmagan davr uchun amalga oshiriladi.
Agar o‘qituvchi malaka oshirishga ketgan o‘qituvchining o‘rniga dars o‘tgan bo‘lsa, ushbu soatlar uchun unga belgilangan tartibda soatbay haq to‘lanishi lozim.
Istisno holat Mehnat kodeksining 259-moddasi 2-qismiga ko‘ra:
Vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini bajarish vazifasi shtatdagi uning o‘rnini bosadigan shaxs masalan, lavozim yo‘riqnomasida o‘rinbosarlik ko‘rsatilgan xodim zimmasiga asosiy ishidan ozod etilmagan holda yuklatilganda qo‘shimcha to‘lov amalga oshirilmaydi. Biroq o‘qituvchilarning dars soatlari bo‘yicha o‘rnini bosish odatda soatbay haq to‘lash tartibida rasmiylashtiriladi.
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida"gi nizom.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA