Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga parlament so‘rovi yuborildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E.Karimovaga “Ta’lim tashkilotlarida yoshlarni milliy qadriyatlar va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan Milliy tarbiya modelini ishlab chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, uzluksiz ta’lim tizimida yagona g‘oyaviy tarbiyani shakllantirish, yoshlarning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini kengaytirish, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat fazilatlarini rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan huquqiy asoslar mustahkamlanib, o‘tgan davrda “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlashi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirishi belgilab qo‘yildi.
Shu bilan birga, deputatlar tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar sohada ayrim muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, “Tarbiya” fanini o‘qitishda raqamli ta’lim texnologiyalarining to‘liq integratsiya qilinmagani, tarbiyaviy tadbirlar bilan o‘quv jarayoni o‘rtasidagi uzviylik yetarli darajada ta’minlanmagani kuzatilyapti.
Tahlillar ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligi hududlar kesimida bir xil emasligini, ayrim muassasalarda tarbiyaviy ishlar ko‘proq tadbirbozlik shaklida tashkil etilayotganini ko‘rsatmoqda. Bu “oila — mahalla — maktab” zanjiridagi hamkorlikni yanada kuchaytirish va tarbiya tizimi samaradorligini oshirish zarurligini ko‘rsatadi.
Globallashuv va raqamlashtirish jarayonlari ta’sirida yoshlar ongiga turli mafkuraviy, madaniy va raqamli ta’sirlar kuchayib borayotgani esa yoshlar tarbiyasida axborotdan mas’uliyatli foydalanish, shubhali ma’lumotlarni tanqidiy baholash, milliy qadriyatlarni zamonaviy dunyoqarash bilan uyg‘unlashtirish hamda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan samarali tarbiya mexanizmlarini joriy etishni talab etmoqda.
Ushbu jarayonda milliy tarbiya modelini raqamli texnologiyalar asosida amalga oshirish, jumladan, “milliytarbiya.uz” platformasi orqali tarbiyaviy kontentni, metodik resurslarni, o‘quvchilar portfoliosini yuritish va ota-onalar bilan hamkorlik mexanizmlarini raqamlashtirish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Majlisda yuqoridagilardan kelib chiqib, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga parlament so‘rovi yuborildi.
O‘zA