Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri deputatlarning savollariga javob berdi (+video)
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi. Unda maktab ta’limi sifati, inklyuziv muhitni rivojlantirish va pedagoglarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Mazkur masala yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova deputatlarning savollariga javob berdi.
Vazir o‘z axborotida o‘tgan olti yilda mamlakatimizda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod hamda 203 ta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilganini aytib o‘tdi. Bugungi kunda 3 ming 434 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy qilingan bo‘lib, kelgusi o‘quv yilidan boshlab ushbu ko‘rsatkichni 4 ming 500 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Mazkur maktablarda o‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari 53 foizdan 72 foizgacha oshgan. Yangi baholash tizimi joriy qilingan maktablar orasida yuqori natijalarga erishgan 275 ta maktabning barcha pedagoglariga 40 foizgacha ustama to‘lanmoqda.
Qayd etilganidek, xorijiy til sertifikatiga ega o‘quvchilar soni 40 ming nafardan oshgan. Shuningdek, ta’lim tizimiga AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Janubiy Koreya va Xitoydan 1 ming 456 nafar xorijlik mutaxassis jalb qilingan. Hozirgi kunda 310 ming nafar pedagog malaka toifasiga ega.
“Hukumat soati”da inklyuziv ta’limni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda 2 ming 365 ta maktabda inklyuziv sinflar tashkil etilgan. 6 mingga yaqin bola qamrab olingan. 651 ta maktabda “to‘siqsiz muhit” yaratilgan, 1 ming 404 ta binoga maxsus panduslar o‘rnatilgan, 115 ta maktabda brayl alifbosidagi tugmali liftlar joriy qilingan. So‘nggi besh yilda 7 mingdan ortiq pedagog inklyuziv ta’lim bo‘yicha malaka oshirgan.
Muhokamalar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash choralari haqida ham axborot berildi. Qayd etilganidek, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning 387 ming nafar farzandi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Kambag‘al oilalar farzandlarining nodavlat bog‘chalar uchun to‘lovlarining 40 foizi davlat tomonidan qoplab berilmoqda. Bugungi kunda 125 ming nafardan ziyod o‘quvchilar IT, xorijiy tillar va kasb-hunar to‘garaklariga jalb qilingan bo‘lib, ular xarajatlarining 80 foizi davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilmoqda.
So‘nggi yillarda pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, ularni majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga chek qo‘yish masalalariga alohida e’tibor bilan yondashilmoqda. 15 yillik staj va oliy malaka toifasiga ega pedagoglar uchun ipoteka kreditlarining boshlang‘ich to‘lovining 25 foizini davlat tomonidan qoplash tartibi joriy etilgan. “Yil o‘qituvchisi” va “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovlari g‘oliblariga 525 million so‘mgacha mukofot puli ajratilishi ham pedagoglarni rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Hukumat soati” muhokamalarida bir qator savollar ko‘tarildi va tegishli javoblar qaytarildi. Siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari ham sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini, taklif-tavsiyalarini bildirdi. Ta’lim sifatini yanada oshirish, pedagoglarni rag‘batlantirish va inklyuziv muhitni rivojlantirish, chekka hududlardagi kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish, maktablarda kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘qitishni kengaytirishga doir qator taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4RRy8Fqab8w" title="Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri deputatlarning savollariga javob berdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Doniyor Yoqubov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA