Mahalliy ishlab chiqarish va eksport imkoniyatlari tahlil qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ruslan Djumamuratov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida joylashgan yirik sanoat korxonalariga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari hamda eksport salohiyati bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab deputat “NUKUS SSP TEXNOPARK” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Korxonada xaridorlar talabidan kelib chiqib paxta va aralash (sun’iy hamda paxta) tolalardan ip-kalava ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Qiymati 641,5 milliard so‘mlik mazkur loyiha doirasida Germaniya, Turkiya, Shveysariya va Hindistondan zamonaviy texnologik uskunalar olib kelinib, ishlab chiqarishga joriy etilgan. Korxonada 130 ta yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, yillik ishlab chiqarish quvvati 18,3 ming tonna ip-kalavani tashkil etadi.
Bugungi kunda korxona mahsulotlari Rossiya, Turkiya, Polsha, Afg‘oniston va Suriya davlatlariga eksport qilinmoqda. 2026-yilning yanvar-iyul oylarida 907 ming AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshirilgan.
Shuningdek, deputat “QORAQALPOQ BASALTWOOL” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham bo‘lib, bazalt mineralidan issiqlikni saqlovchi zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

Qiymati 691,8 milliard so‘mlik ushbu investitsiya loyihasi doirasida Italiya, Turkiya, Shveysariya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. Korxonada 300 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, yillik ishlab chiqarish quvvati 50 ming tonnani tashkil etadi.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy qismi eksportga yo‘naltirilgan. Hozirgi kunda mahsulotlar Ozarbayjon va Qirg‘izistonga eksport qilinmoqda. 2026-yilning yanvar-iyul oylarida 109 ming AQSH dollarlik mahsulot eksport qilingan.
Tashrif davomida deputat ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, eksport geografiyasini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda hududning sanoat salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, korxona mutasaddilari bilan istiqboldagi rejalar yuzasidan fikr almashdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri