Mahallada birorta ham ishsiz qolmaydi
Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Ijtimoiyat mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Ayni kunda Ijtimoiyat mahallasining Hurzamon, Birdamlik, Mebelsozlar, Muhandislar va Rohatbaxsh ko‘chalaridagi 543 ta xonadonda 3 ming 200 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallani rivojlantirishning asosiy drayveri mebelsozlik va issiqxona yo‘nalishlari hisoblanadi. Hududida 1 ta umumta’lim maktabi, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 3 ta uy bog‘cha, 20 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti, ko‘plab hunarmandlar faoliyat olib bormoqda.
– Faoliyatimda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratyapman, – deydi mahallada ish olib borayotgan hokim yordamchisi Guldona Qurbonova. – O‘tgan yili mahallamiz hududida 287 nafar ishsiz fuqaro qayd etilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning 282 nafarining bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa nodavlat ta’lim muassasalarida 15 nafar fuqaro turli kasb-hunarlarga o‘qitildi. Umuman, joriy yilning oxiriga qadar mahallada birorta ham ishsiz kishi qolmaydi.
Ta’kidlash kerakki, tuman hokimligi, mahalladagi “beshlik”ning hamkorlikdagi samarali faoliyati natijasida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha juda katta hajmdagi ishlar olib borildi. Jumladan, o‘z xonadaonida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan, issiqxona tashkil etgan 124 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olindi, 158 nafar kishiga dehqonchilik qilish uchun ijaraga yer ajratildi, 5 nafar kishi haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.
“Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahallada konveyr usulida mebel mahsulotlari tayyorlash ishlari juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Qariyb 400 xonadon ana shu ish bilan shug‘ullanadi. Kimdir stol-stul va boshqa mebel jihozlarining turli qismlarini tayyorlab beradi, kimdir yig‘adi, yana kimdir unga ishlov, jihoz beradi. Shu tariqa mebel mahsulotlari tayyorlanib, xaridorlarga yetkazib beriladi.
[gallery-14817]
Mahallada tayyorlanayotgan mebellar nafaqat Andijon bozorlarida sotiladi, balki Namangan, Farg‘ona, Jizzax viloyatlaridagi savdo tashkilotlariga yetkazib beriladi, qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston davlatlariga eksport qilinadi.
–Avvallari Rossiyaga ishlagani borar edim, – deydi mahallaning Hurzamon ko‘chasida yashovchi Botirjon Ashurov. – Ikki yil avval o‘g‘lim ikkalamiz mebelchilik ishlarini o‘rgandik. Mahalladagi hokim yordamchisi ko‘magida kredit olib, zarur dastgoh sotib oldik. Hozir butun oilamiz bilan shu ish bilan shug‘ullanamiz. Stulning ma’lum qismlarini o‘zimiz tayyorlaymiz, yana qaysidir qismlarini boshqalardan olib, yig‘amiz. Tayyor bo‘lgan stulni ishlov va jihoz berish uchun boshqa bir mahalladoshimizga beramiz. Bir oyda 30-40 dona stul yig‘amiz. Shu ish ortidan daromad topamiz.
– Xonadonimda mebel sexi tashkil etib, ish boshlaganimizga o‘n yildan ortdi, – deydi tadbirkor Azizbek Abduvaliyev. – Bir necha turdagi stol-stullar, xontaxta tayyorlaymiz. Hukumatimizga rahmat, biz kabi hunarmandlarning samarali ish yuritishi uchun zarur barcha sharoit yaratib berilmoqda. Bankdan olingan kredit hisobiga zarur uskuna va dastgohlar sotib olganmiz. Tayyor mahsulotlarimizni asosan Namangan, Farg‘ona va jizzaxlik buyurtmachilar olib ketadi. Shu ish ortidan daromad topish bilan birga, hunar o‘rganish istagidagi mahalladoshlarimizga, ayniqsa, yoshlarga mebelsozlik hunarini o‘rgatib kelyapman. Bugungi kunda ko‘plab shogirdlarim mustaqil ravishda faoliyat olib boradi.
Mahalladagi mebel tayyorlash bilan shug‘ullanayotgan xonadonlarda ishlayotgan ishchilar o‘rtacha 2-2,5 million so‘mdan oylik ish xaqi oladi, ularga bepul tushlik qilib beriladi. Bundan tashqari, mebel tayyorlashga qiziquvchi maktab o‘quvchilari darsdan bo‘sh paytlarida shu ish bilan shug‘ullanib, mebelsozlik hunarini o‘rganib kelayotgani quvonarlidir. Umuman, mahallada “ustoz-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rganish ishlari namunali yo‘lga qo‘yilgan.
Birgina joriy yilning o‘zida mahalladagi xonadonlarda uchta yangi issiqxona barpo etilib, mahalladagi issiqxonalar soni 200 ga yaqinlashdi. Issiqxonalarda bodring, pomidor, bulg‘or qalampiri, karam, baqlajon singari mahsulotlar va gul ko‘chatlari yetishtiriladi. Mirishkor dehqonlar yilning to‘rt faslida bozorni yuqoridagi kabi sifatli va servitamin mahsulotlar hamda ziravor ko‘katlar bilan to‘ldirib keladi
Mahallaning Hurzamon ko‘chasida yashovchi Qoriyaxon opa va To‘xtasin aka Mamasoliyevlar xonadonida mebelchilik bilan birga, 9 sotix maydonda issiqxona barpo etilgan.
–Farzand va nabiralarim alohida ustaxonada mebelchilik bilan shug‘ullanadi, – deydi Qoriyaxon opa Mamasoliyeva. –Men kelinlarim, qiz nabiralarim bilan issiqxonaga qaraymiz. Issiqxonadan yiliga kamida ikki marta hosil olinadi. Mana, hozir ham issiqxonada yetishtirilgan bodringni Oltinko‘l va Andijon bozorlariga yetkazib beryapmiz. Bu ish ortidan yaxshigina daromad topyapmiz. Yaratganga shukr, hunarmandchilik, dehqonchiligimiz ortidan yangi-yangi uylar quryapmiz, to‘ylar qilyapmiz, nabiralarimizni oliy o‘quv yurtlarida o‘qityapmiz. Umuman, mahallamiz tumandagi eng obod, fayzli, axil va tinch mahallalardan biri hisoblanadi. Urush-janjalli, nizoli oilalar, bekorchi odamning o‘zi yo‘q, hamma o‘z ishi bilan band.
Aholini tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida mahalladagi hokim yordamchisi tavsiyasi bilan 55 ta loyiha uchun 906 million so‘m kredit hamda 4 nafar fuqaroga 45 million so‘m miqdorida subsidiyalar ajratildi. Buning natijasida mahallada 2 ta yuridik va 23 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
–Men kelinim, shogirdlarim bilan o‘z xonadonimizda ko‘rpa-to‘shak, pardalar tayyorlaymiz, – deydi mahallaning Mebelsozlar ko‘chasida yashovchi Buoysha Ortiqova. – Kelinimga subsidiya asosida ikkita zamonaviy tikuv mashinasi berilgani ishimizni yanada rivojlantirishga imkon berdi. Mahsulotlarimizni asosan burtma asosida tayyorlaymiz. Tikayotgan ko‘rpa-to‘shak va pardalarning sifatiga alohida e’tibor beramiz. Shu bois, mahsulotlarimiz ancha xaridorgir.
Umuman, mazkur mahallada aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, dehqonchilik qilib, o‘z daromadini oshirish istagidagi 158 nafar fuqaroga 10-15 sotixdan yer berilgan. Berilgan yerlarga turli ekinlar ekilib, mo‘l hosil olinmoqda.
– Ajratib berilgan 15 sotix yerga dastlab kartoshka ekdik,– deydi mahallaning Rohatbaxsh ko‘chasida yashovchi, “Ayollar daftari”ga kiritilgan Muhayyoxon Botirova. – Yuqori hosil olib, oilamiz ehtiyojidan ortiq kartoshkani sotib, qo‘shimcha daromad qildik. Kartoshkadan bo‘shagan yerga makkajo‘xori ekib, undan ham mo‘l hosil oldik.
Mahalla infratuzilmasini yaxshilash, ko‘cha va xonadonlarni obodonlashtirish borasida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Xususan, “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘cha va xonadonlarga 7,5 ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekildi. Bundan tashqari, 4,4 kilometr uzunlikda elektr simlari yangilandi, 94 dona beton tayanch ustun o‘rnatildi. Shuningdek, mavjud 17,4 kilometr ichki yo‘l va piyodalar yo‘lakchasining asosiy qismiga asfalt va sement-beton qoplamasi yotqizildi, 2,1 kilometr oqova suv tarmog‘i tortilib, aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanishi 90 foizga yetkazildi.
Bugungi kunda aholining 85 foiziga tabiiy, 15 foiziga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Shu kunlarda qariyb 1 kilometr uzunlikdagi Hurzamon ko‘chasining ikki chetiga uzum so‘rtoklari barpo etilmoqda.
– Keyingi ikki yil ichida mahallamiz qiyofasi tubdan o‘zgardi, – deydi mehnat faxriysi Xudoyberdi ota Dehqonov. – Ko‘chalarimizga to‘liq shag‘al to‘kildi, ma’lum qismiga asfalt yotqizildi. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallalarni obodonlashtirish, odamlarning turmush farovonligini oshirish, hayotidan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan xayrli ishlar bizni behad quvontirmoqda.
Ana shu xayrli ishlarni amalga oshirishda mahalladagi “beshlik”, ya’ni mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektorining hamkor va hamjihatligi, samarali faoliyati alohida e’tirofga munosib.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/6oE7EVrJfLE" title="Маҳаллада бирорта ҳам ишсиз қолмайди" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Faxriddin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari