Mahalla raislari malaka oshirdi
Mahallalar faoliyatini takomillashtirish, aholi bilan ishlash samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminarda Toshkent shahri mahalla raislari ishtirok etdi. Korrupsiyaga qarshi kurash, raqamlashtirish va yoshlar bilan ishlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar” oromgohida mahalla tizimi faoliyati samaradorligini yanada oshirish, joylarda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga keng yetkazish hamda mahallalarda natijadorlikni kuchaytirish maqsadida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur tadbirda mahalla tizimi oldida turgan dolzarb vazifalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish, aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish va zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishga qaratilgan qator mavzular muhokama qilindi.

Tadbirda mas’ul mutaxassislar tomonidan ma’ruzalar, ochiq muloqotlar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va amaldagi qonunchilikda mahallalar faoliyatiga oid belgilangan huquq va vakolatlar, mas’uliyat hamda vazifalar yuzasidan bilimlarini mustahkamladi.
Seminarda korrupsiyaga qarshi kurashish, xizmat faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, murojaatlar bilan ishlash sifatini oshirish hamda mahalla raisining shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada ishtirokchilarga amaliy tavsiyalar va zarur ko‘rsatmalar berildi. O‘quv mashg‘ulotlarining muhim qismi aholi muammolarini mahallaning o‘zida hal etish, fuqarolar bilan samarali muloqot o‘rnatish va davlat organlari hamda jamoatchilik institutlari bilan hamkorlikni mustahkamlash mavzulariga bag‘ishlandi. Ta’kidlanganidek, bunday yondashuv mahallalarda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, aholining davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini faollashtirish hamda joylardagi muammolarni tezkor hal etish imkonini beradi.

Shu bilan birga, “Raqamli mahalla” platformasini keng joriy etish, qog‘ozbozlikni qisqartirish, elektron boshqaruv tizimlaridan samarali foydalanish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va daromad manbalarini ko‘paytirishga qaratilgan vazifalar bo‘yicha tajriba almashildi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikning oldini olish, xavfsiz va osoyishta mahalla muhitini yaratish ham seminarning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Ishtirokchilar yoshlar bilan ishlashning samarali usullari, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kasb-hunar va tadbirkorlikka yo‘naltirish borasidagi ilg‘or tajribalar bilan tanishdi.
Shuningdek, mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, hududlarni obodonlashtirish, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash va mahallalarda Yangi O‘zbekiston qiyofasini shakllantirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Yakunda ishtirokchilarning egallagan bilim va ko‘nikmalari sarhisob qilinib, kelgusidagi faoliyatda qo‘llash uchun tavsiyalar berildi.
A.Musayev, O‘zA