Madaniyat – xalqlarni yaqinlashtiradigan buyuk ko‘prik
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasiga safari ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochmoqda. Zero, mazkur tashrif yangi iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hamkorliklarga puxta zamin yaratmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning Seul shahrida Koreya Respublikasi madaniyat, sport va turizm vaziri Chxve Xvi Yon bilan uchrashib, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida fikr almashgani e’tiborga molikdir.
O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikni ham yangi bosqichga olib chiqish uchun katta imkoniyatlar bermoqda.

– Men doimo bir fikrga amal qilaman: davlatlarni siyosiy kelishuvlar yaqinlashtirsa, xalqlarni madaniyat yaqinlashtiradi, – dedi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. – Chunki madaniyat – chegaralarni bilmaydigan, avlodlarni bir-biriga bog‘laydigan va xalqlarning qalbiga yo‘l topadigan kuch.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish, ijodkorlar va madaniyat sohasi mutaxassislari o‘rtasidagi almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ayni kunlarda Koreyaning Kochxan, Boryon, Seul, Chondju, Andon va Sunchxon shaharlarida o‘tkazilayotgan «O‘zbekiston madaniyati kunlari» ham ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasidir.
– San’atning tili bitta u inson qalbining tilidir, – deb fikrini davom ettirdi Ozodbek Nazarbekov. – Biz bir-birimizning qo‘shiqlarimizni tinglar, san’atimizni tomosha qilar ekanmiz, aslida bir-birimizning ruhiyatimizni anglay boshlaymiz.
Uchrashuv davomida madaniy hamkorlikni tizimli va doimiy asosda rivojlantirishga qaratilgan qator yangi tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, ikki vazirlik o‘rtasidagi qo‘shma madaniy loyihalarni muvofiqlashtirib boruvchi Madaniy hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma amaliy ishchi qo‘mitasini tashkil etish taklif qilindi.

Shuningdek, «Koreya – Markaziy Osiyo do‘stlik kutubxonasi» tashabbusi doirasida Buxoro shahrida «Buyuk Ipak yo‘li kutubxonasi»ni barpo etish loyihasini birgalikda amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
Kitob va kutubxona – bu shunchaki bino yoki minglab asarlar jamlanmasi emas. U xalqlar xotirasi, tafakkuri va kelajak avlodga qoldiradigan ma’naviy merosidir. Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab asrlar davomida nafaqat tovarlar, balki g‘oyalar, bilimlar va madaniyatlar ham harakatlangan. Bugun biz ana shu tarixiy ruhni zamonaviy loyihalar orqali davom ettirishimiz kerak.
O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan 200 mingdan ortiq koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz ham xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvning o‘ziga xos tirik ko‘prigidir.
– Menimcha, bugun madaniyatga kiritilgan sarmoya – ertangi kun tinchligi va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga kiritilgan sarmoyadir. Shu bois O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ijodkorlarimiz uchun yangi imkoniyatlar yaratish borasidagi ishlarni izchil davom ettiramiz, – dedi Ozodbek Nazarbekov.
N.Usmonova, O‘zA