Badiiy san’at – mukammallikka eltuvchi kuch
O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining akademigi Alisher Mirzo bilan suhbat
Ma’lumki, tasviriy san’at qadriyat, ezgulik, oliyjanoblik, do‘stlik, hamjihatlik, ma’naviy yetuklik kabi umuminsoniy g‘oyalarni targ‘ib etadi. Ayni paytda bugun O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi a’zolari orasida madaniyatimizning ardoqli namoyandalari bo‘lgan ustoz rassomlar talaygina. O‘zbekiston xalq rassomi, Rossiya Badiiy Akademiyasining faxriy akademigi Alisher Mirzayev ham shular jumlasidandir. Bugungi suhbatimiz olamni ranglar va obrazlar orqali tasavvur qiluvchi rassom va adib bilan.
– Bilamizki, san’at, estetika, tarbiya, ma’naviyat, adabiyot, tabiat, musiqa, madaniyat, umuman, barcha fanlar bilan bog‘liq. Sizningcha, san’at o‘zi nima?
– San’at, xususan, tasviriy san’at odamzodni mukammallikka yetaklovchi go‘zallikdir. She’riyat so‘z, musiqa, ohang orqali yuraklarga nafosat, samimiyat tuyg‘ularini singdirsa, tasviriy san’at bu vazifani rangtasvir vositasida ado etadi. Chinakam tasviriy san’at asarida tabiatning go‘zal shakllari, inson qalbining ehtirosli kechinmalari va munosabatda yotgan o‘ziga xos go‘zalliklar ifodalanadi. Ko‘chirish borliqni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasvirlash tom ma’nodagi chinakam san’at emas. Buni foto san’ati, desa to‘g‘ri bo‘ladi.
San’at – bu go‘zallik. Go‘zallik esa tafakkurni boyitadi, junbishga keltiradi. San’atsiz hayot – vahshiylik deyilishining sababi ham shunda. Nafsning quliga aylanish, kunim o‘tdi shukrona bildiraman qabilida yashash juda ham noto‘g‘ri. Mening nazarimda, musiqaning sehrli notalarisiz yashab bo‘larkanmi? San’at odamzod ruhiyatini kamolga yetkazishda bebaho ahamiyatga ega bo‘lgan sehrli ummon. Bu ummon qudratini his qilmoq uchun kishida xudo bergan iqtidor barobarida chuqur ilm va ijodiy salohiyat bo‘lmog‘i lozim. San’at – bu Pikasso, san’at – Axmarov, san’at – Jalolov...

– Oilangizda rassomlar bo‘lganmi?
– Oilamizda rassom bo‘lgan emas. Ammo tog‘am chinni zavodida rassom bo‘lib ishlaganlar. Sohaga qiziqishimda tog‘amning ta’siri bo‘lgan bo‘lishi kerak. Chunki bolaligimda tog‘amning chinni buyumlarga chizgan rasmlarini, chizmalarini ko‘rganimda ichimda havas uyg‘ongan. Shu qiziqishim Nikolay Ostrovskiy nomli pionerlar saroyiga yetaklagan. O‘shanda 4 sinfda o‘qir edim. Pionerlar saroyiga kichkina etikchamni kiyvolib, “Spartak” stadioni yonidan tepalikka ko‘tarilib hozirgi Qodiriy bog‘ini aylanib borardim. Birinchi rasmlarni Pushkin ertaklari ta’sirida chizganman. O‘qituvchim Larisa Vinecheslova ko‘rib hayratlangan. Qora qog‘oz qo‘yib ko‘chirdingmi, deganlar o‘qituvchim ishonmay. Umuman, rassom bo‘lishimda shu to‘garakning o‘rni, domlalarimning o‘giti va do‘stlarim Javlon Umarbekov, Bahodir Jalolovlarning o‘rni katta bo‘lgan.
– Qaysi rassomlarni o‘zingizga ustoz deb bilgansiz?
Bilim yurtida V.G.Perov degan mashhur rassom bo‘lardi. Men bu insondan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Keyin Moskvaga borib taniqli rassomlardan saboq oldim. Akademik rassomlar bilan ota-o‘g‘il tutindim. Shunday azizlardan biri Dmitriy Dmitriyevich Jilinskiy edi. U kishi umrining oxirigacha ishlarimni kuzatib, baholab turdi. Dmitriy Dmitriyevich bir kuni menga Daniyaning poytaxti Kopengagendan qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Domla Margarit II ning portretini chizayotgan ekanlar. “Seni tabriklayman, dedi kutilmaganda ustoz. Kecha Rossiya Akademiyasining faxriy akademigi bo‘lib saylanding.” “Qaysi karomatim uchun?”, dedim ishongim kelmay. O‘tgan yili Moskvada juda katta ko‘rgazma qilding. Ko‘rgazma hammada katta taassurot qoldirdi. Bu yog‘ini aytsam, ikki kundan keyin yoningda bo‘laman. Qirolichaning suratini chala qoldirib Toshkentga yetib keldilar. Shunday mehrli odamlar bor-da dunyoda. Ustozim Toshkentda kelganlarida Samarqandga bordik. Hayotimdagi eng go‘zal kunlar bo‘ldi. Domlamiz rus rangtasvir san’ati ustasi bo‘libgina qolmay, kamtarligi, go‘zal fazilatlari hamda ziyoli insonligi bilan ham ibratli zot edi. Agar hozir menga qanday insonlarga taqlid qilishni xohlaysan, desangiz men haqiqiy ziyoli san’atkorga, degan bo‘lardim. Men pokiza, idrokli, tafakkurli, qalbi go‘zal insonlarni qadrlayman.
– Sir emas, bugungi globallashuv jarayonida har bir xalq, har bir millat o‘z urf-odatlarini saqlab qolishga harakat qiladi. Sizning asarlaringizda ko‘proq milliy ruhda ishlangan tarixiy shaxslar, ularning hayoti aks etadi, bunga nima turtki bo‘lgan?
– Avvalo shuni ta’kidlagim keladiki, men juda baxtli odamman. Baxtim shuki, Toshkentning qoq markazida joylashgan Kallaxona mahallasi deb ataluvchi eng qadimgi manzilda tug‘ilganman. Men Ma’murjon Uzoqov yashagan mahallada o‘sib ulg‘aydim. Har kuni ularning musiqasini eshitib, farzandlari bilan do‘stlashib yashadim. Qulog‘imga quyilib qolgan ularning milliylikka yo‘g‘rilgan kuy-qo‘shiqlari. Yozuvchi sifatida shakllanishim, romanlar yozishimda ham katta turtki berdi. Keyinchalik ulardan eshitganlarim, ularning o‘zaro qilgan samimiy hazil gaplari, askiyalari. Yonimizdagi Chorsu bozorida esa tunu-kun har xil ovozlar, tortishuvlar eshitilib turardi. Biz bolalikda o‘ynaydigan joylar bozor maydonchasi edi. Vodiydan kelgan hofizlar askiya qilganlarida hamma erib ketardi. Hofizlarning yurakdan chiqqan xirgoyilari haligacha qulog‘imdan ketmaydi.
Yana bir narsa hech esimdan chiqmaydi. Yangi uylangan paytlar. Ko‘chadan kelaman. Uyga kirishim bilan qo‘shnimiznikida ham, uyda ham musiqa tovushi eshitilib turadi. Ma’murjon akaning plastikada yozilgan qo‘shiqlarini hozir ham eshitaman. Tugasa, yana boshqatdan qo‘yaman. Aslida san’at degani shu. Shunday qo‘shiqlar shaxsni tarbiyalaydi. Qalbga milliylikni singdiradi. Garchand men maktabni rus tilida bitirgan bo‘lsam ham milliy urf-odatlarga, an’analarga juda jiddiy e’tibor beraman. Bolalikda chizgan eng oddiy suratlarimda ham shu seziladi. Hamma asarlarimda, romanlarimda ham shu narsa ustun. Taniqli adib, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov bir kuni sizda hayrat va milliylik kuchli, yozuvchi sifatida eng zo‘r yutug‘ingiz tilingizdagi milliylikdir, dedilar.
– Bu ham sizning Vataningizga bo‘lgan mehrdan dalolat beradi, shunday emasmi?
– Vatan – bu juda ulug‘ tushuncha. Vatan deganda gohida talabalik paytlarim esga tushadi. U paytlarda paxta terimiga ikki-uch oylab ketib, uyni sog‘inib kelardik. Har gal sovuqda titrab-qaqshab, avtobusdan tushib, ko‘rpa-to‘shagimni orqamga osiltirib Kallaxonaga yaqinlashganimda uyimga- Vatanimga kirib kelyapman, degan quvonchdan semirib ketayotgandek bo‘lardim. Juva bozoridan o‘tib, yuqoriga chiqamanu uyimga-Vatanimga kiraman, deb suyunardim. Ko‘pincha Ma’murjon Uzoqovning eshigi yonidan o‘tayotganimda, “Yolg‘iz” degan qo‘shiqni aytayotgan hofizning ovozini eshitib, to‘xtab qolardim. Ko‘zim yoshga to‘lardi, ko‘zyoshimni ko‘rsa onam xavotir olmasin, deb yoshimni yengimga artib, uyga kirardim. Bularning hammasi Vatanni sog‘inchi edi. Vatan ko‘rinishlari goho qo‘shiqda, goho she’rda, goho ayriliqda, goho rasmda ifodalanadi.
– Bugun zamon boshqacha, bolalarimiz til o‘rganishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Ba’zilar farzandlarini ingliz tili yoki rus tili maktablariga bersa, o‘zligimizdan uzoqlashib ketadi deb uylashadi. Bu borada sizning fikringiz?
– Aslida unday emas, bu tarbiyaga, muhitga bog‘liq. Masalan, men hali aytganimday maktabda ham, institutda ham ruscha o‘qiganman. Jeyms Joys, Frans Kafka, Jek Londondan, Ernest Xemingueyu, Feodor Dostoyevskiygacha o‘qiganman. Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor, Said Ahmadlarning kitoblarini yod olganman. Maktab kutubxonasida men o‘qimagan kitob qolmagan. Oxir-oqibat kutubxonachi menga kitob topib berolmay qoldi. Hadeb senga beraveramanmi, sendan boshqa kallaxonaliklarga ham kitob yetsinda derdi hazillashib kutubxonachi opamiz. Shundan so‘ng bir mahalladoshimiz uyida kutubxona ochdi. Kutubxonada Obid Jalilovning qizlari ishlar edi. O‘g‘illari, operator Nozimjon televideniyada ishlardi. Ularnnig onalari meni ham o‘g‘il qilib olgan edi. Muntazam kitob olaverganimdan keyin Eski Turon kutubxonasidagi ayollar ham meni bu bizning o‘g‘limiz, deyishardi. Men o‘sha paytda tasviriy san’atga oid kitoblarni ham qoldirmay o‘qidim. Asarlar orqali albomlar, badiiy adabiyotlar, mashhur yozuvchi-rassomlar bilan tanishdim. Moskvada ham katta kutubxonalarga a’zo bo‘ldim. Demoqchimanki, “Yaxshi o‘qish kelajak poydevori, mustahkam zamin kitob o‘qishdan boshlanadi” hamma yoshligidan kitob o‘qishga mehr qo‘yishi kerak. Hamma fanni chuqur o‘rganmoq zarur. Maktabni bitirgan yigit-qizlar ziyoli sifatda boshqalar bilan bemalol suhbatlashmog‘i kerak. Dunyoda bo‘layotgan hodisalar, o‘pirilishlarga baho beradigan kishi ziyoli inson deyiladi.
— “Ikki doira” asaringiz ko‘pchilikka juda yoqadi. Shu asarning yaralishi haqida gapirib bersangiz.
– Asarni sho‘ro zamonida Respublika davlat san’at muzeyi xarid qilib olgan. Hali yosh yigit edim o‘shanda. Ammo keyingi 35 yil ichida birorta asarim sotib olinmadi. O‘zim bo‘lsam bir kun ham ijoddan to‘xtagan emasman. “Ikki doira”ning mazmuni quyidagicha: men unda ikki sevishganning muhabbatini shoirona tasvirlaganman. Musiqa sadolari ularni birlashtiryapti. Bir ko‘rgazmada belgiyalik ayol shu asarni xarid qilib olgan,
Belgiyaga olib ketdi, keyin fotosini jo‘natdi, katta zalning markazida osib qo‘ygan ekan. Boshqa asarlarim ham chet ellarning zallarini bezab turibdi. jumladan, Amerika elchixonasida ham.
Demoqchi bo‘lganim, o‘zimizning boyligimiz chetga chiqib ketmasligi kerak. Boyligimizni saqlab qolmasak, keyin chapak chalib o‘tirish befoyda. Mana, Ali Qushchining, Kamoliddin Behzodning asarlarini qidirib yuribmiz. Ko‘ksimizga uramiz biz Kamoliddin Behzod avlodimiz, bizdan shunday buyuklar chiqqan deb. Aslida esa ularning hamma asari chet ellarga chiqib ketgan. Bu bilan mening asarlarim bebaho, ularni asrab qolinglar, deb o‘zimni ulug‘lamoqchi emasman. Xudoga shukr. Barcha unvon, martabalar berilgan, rahmat, bundan xursand bo‘laman. Lekin inson faqat martaba deb yashamaydi. Bu gapning zamirida tasviriy san’atni yoshlar qalbiga chuqur singdirish kerakligi ham bor. Avvallari Badiiy fond qoshida ko‘chma ko‘rgazmalar bo‘lardi. Jixozlangan mashinada asarlar viloyatlarga olib borilib, ko‘rgazmalar qilinardi, yoshlar ko‘rardi. Badiiy tarbiya edi bu ham. Hozir direksiyaning nomi bor. U Toshkentning bir ikkita zalida ko‘rgazma qiladi. Lekin viloyatlarda ko‘rgazma tashkil qilinganini eshitmadim. Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasiga, muzeylarga, fondlarga asarni to‘plash, sotib olish ancha susaygan. Har bir rassomning o‘ziga xos davrlari bo‘ladi. O‘sish jarayoni bo‘ladi. Ijodkor odamning dunyoqarashi, tafakkuri ham yil sayin o‘zgaradi. San’atshunoslarning ovozi ham ancha pasayib ketdi, muhokamalar juda kam bo‘lyapti. Yaqinda Badiiy akademiya ko‘rgazmalar zalida 100 ta asarim bilan katta ko‘rgazma qildim. Ko‘pchilik tabrikladi. Ammo, tabriklovchilarni bog‘laydigan bir so‘zi borki, gohida xafa bo‘lib ketasan: chiroyli o‘tdi, yaxshi chiqishlar bo‘ldi, tabriklayman, tamom. Shu gaplar bilan kifoyalanadi. Ko‘rgazmaga borib nimani ko‘rding? Senga qanday ta’sir qildi? Ko‘rgazmadan qaytib kelganimdan so‘ng, asarlarimni yoyib, o‘zim o‘z asarlarimga baho berib, xafa bo‘lib o‘tirdim. Har bir asar oldida to‘xtab, asarning mohiyati, uning plastik yechimi, ramzlar, ranglar mutanosibligi xususida o‘zimga o‘zim so‘zladim afandiga o‘xshab. Ishonmaysiz, o‘zim yaratgan asarlarning mohiyatini yangitdan ochdim. Har bir suratga chuqurroq nazar tashlab, barcha unsurlarini tosh-taroziga joylab o‘yladim, o‘qidim va oxir-oqibat ruhiy qanot hosil qildim.
Qarang-da, 30-50 yillik umrimni, vujudimni shu narsaga safarbar etsam, birovdan bir tiyin so‘ramasdan ijod bilan shug‘ullansam-u, birov bir nima demasa. Na mutaxassislar, na oddiy tomoshabinlar, na boshqa toifa insonlar. Rassom – ijodkor, odam. U ham munosabat kutadi. Chin san’atkor iliq gap eshitsa yoki Van Gog kabi muzeyda bitta asarini ko‘rsa o‘zini baxtli xis qiladi. Bilasiz, Van Gog judayam qiyinchilikda hayot kechirgan. Agar ukasi Vio Gog akasining bitta asarini asrab, muzeyga sotmaganida ehtimol, dunyo shunday ulug‘ rassomdan bebahra qolar edi. Bu voqea ham aslida katta saboq.
Endi yana bir voqeani aytib beray. Bundan 35 yil oldin Abdulla Qodiriyning yubileyi arafasida men Qodiriyni uyiga borib, adibning o‘g‘li Habibullo Qodiriy bilan ota-boladay bo‘lib, ikki yil davomida Abdulla Qodiriy ijodi bilan bog‘liq turkum asarlar yaratdim. O‘sha paytda adibning uy-muzeyi ochiladi, deyishgandi. Afsuski, ochilmadi. Abdulla Qodiriyning o‘zi qurgan peshayvonli uy remont qilib qo‘yildi, xolos. 40-50 ta asarning hammasini saqlab qo‘ydim. Vaqt keladi, o‘zbekning daho adibi Qodiriyga uy-muzey ochiladi, dedim ichimda. Adashmabman.
Vaqti soati keldi. Prezidentimizning qarorlari asosida 2019-yil dekabr oyida ham ikkita uy-muzeyi, ham memorial muzey ochildi. Memorial muzeydagi asarlarning 90 foizi men tishimning kovagida saqlab kelgan asarlarim edi. Madaniyat vazirligidagilar o‘sha paytda shu asarlaringizni bering, hisob-kitobini muzey ochilganidan keyin qilamiz, deyishdi. Ikki qo‘llab topshirdim. Muzey ochilishiga, Prezidentimiz keladi albatta, sizni taklif qilamiz, deyishdi. Kutdim o‘tib ketganidan keyin muzey ochilishini televizorda ko‘rib qoldim. Albatta, men yo‘q. Meni chaqirishmadi ham. Mana sizga san’atkorga bo‘lgan hurmat. Bir yil o‘tdi, kamtarlik bilan indamadim. Ikki yil o‘tdi. Madaniyat vazirligida o‘zgarishlar bo‘ldi. Kutdim. Uyat bo‘lsayam ikki-uch marta vazirlikka murojaat qildim. Natija yo‘q. Yaxshi ham matbuot bor ekan, yordam berdi. “Ishonch” gazetasining bosh muharriri Husan Ermatov ijodim bilan tanish ekan. Gazetasida jiddiy bir maqola e’lon qildi. Maqola chiqqan kuniyoq menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. 35 yil ichida bo‘ladigan voqea sodir bo‘ldi. Ammo hozir ham ustaxonamda 300-400 ta asarim bor. Iymonim komil, boshqa kasbdoshlarimning ustaxonalarida ham ana shunday asarlar bor.
– Ba’zilar sun’iy intelekt rivojlansa, rassomlarga ish qolmaydi, deyishadi. Sizning fikringiz qanday?
– E’tibor bergan bo‘lsangiz men boya tabiatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirish bu san’at emas, degan gapni aytdim. Bu juda jiddiy gap. Chizilgan har suratni tasviriy san’at asari deb bo‘lmaydi. Sun’iy intellekt ham to‘g‘ridan to‘g‘ri borliqni ifoda etishi mumkin. Qanaqadir programmaga solinsa, bo‘rttirib ko‘rsatadi ham. Lekin u ijodkor qalbida sado berayotgan ohanglari ikki dunyoda ifodalay olmaydi. Men ustoz Chingiz Axmarov ishlayotganida, qo‘llari titrayotganini ko‘rganman. Titraganda tomirida oqayotgan qonning titrog‘i ham sezilib turardi. Rassomning sezgisini hech kim o‘xshatib berolmaydi. Aynan ko‘chirib berishi mumkin. Ammo, yurak gupillashi va qo‘ldagi qon qaltirashini hech qanday texnika ifoda etolmaydi. Takror aytaman, aynan ko‘chirib berish mumkindir fotoga o‘xshab. Lekin qalb ko‘rini ifoda etolmaydi. Tasviriy san’atda ijodkorning qalb tug‘yonlari xuddi g‘ijjak ohangidek noyob chizgilar aks etib turishi kerak. Buni anglash uchun esa inson sezgilari tarbiyalangan bo‘lmog‘i lozim, albatta. Tasviriy san’atda ko‘chirish odamni kalaka qilishdir. Kalaka bo‘lmaslik uchun inson chin va ko‘chirma asar o‘rtasidagi farqni ham anglamog‘i lozim. Tasviriy san’atni hech qachon sun’iy intellekt egallab ololmaydi. Internetdan gohida ko‘raman sun’iy intellekt chizgan suratlarni, ularda jon yo‘q, ular tirik o‘lik.
– Ayonki, san’at insonni tarbiyalaydi. Sifatli ta’lim – tarbiyadan boshlanadi. Yoshlarning tarbiyasida san’atning o‘rni katta. Qanday qilib yoshlarni tasviriy san’atga jalb qilish va san’at orqali tarbiyalashni kuchaytirish mumkin?
– Tasviriy san’atni anglash uchun avvalo, tabiatni tushunish kerak. Institutni bitirib, qo‘lda diplom, rassom bo‘lish ham mumkin, ko‘rgazmalarda qatnashish ham mumkin. Lekin tuyg‘ular rasmlarning qoniga singdirilmasa, u rassom emas.
Yana bir gap, diniy ilmi sayoz bo‘lgan ayrim kishilar islom inson rasmini chizishni taqiqlaydi, deydi. Bu to‘g‘ri emas. Husayn Boyqaro yoki Amir Temur hazratlari. Ular Kamoliddin Behzodga homiylik qilishgan. Nima, ularning diniy ilmi past bo‘lganmi?
Tasviriy san’at yoki musiqani chegaralash bu xurofot belgisidir. Tasviriy san’at negizida shartlilik yotsa u yashashga, rivojlanishiga haqli. Miniatyura shartlilik asosida dunyoga kelgan.
Shunday rassomlar borki, bor kuch-qudratini bir umr ijodga bag‘ishlaydi. Ular baxtni ham, g‘amni ham, tushkunlikni ham, hayrat va shodlikni ham ijodda ko‘radilar.
Yoshlarga maktabdagi to‘garaklarda, bilim yurtida so‘ng institutda tasviriy san’at tushunchasining mohiyatini anglash, qadimiy davrlardan tortib, XX-XXI asrgacha bo‘lib o‘tgan jarayonni o‘rganish, tasviriy san’atda nimalar yo‘qotildiyu, nimalarga erishilgani, oqimlar qanday paydo bo‘lganini o‘rgatish kerak. Misol uchun Pikasso tasviriy san’atning shakliylik mazmuni kubizm orqali qaytirishga harakat qildi, yo‘qolgan shakl mohiyatini qaytardi. XIX-asr oxirida rus rassomlari g‘oya uchun kurashishdi. Tasviriy san’at joni va qoni bo‘lgan plastika yo‘qolib qoldi. Plastikani Pikasso boshliq inqilobchilar qaytarib berishga harakat qilishdi. Biz o‘sha davr mevasidan oziqlanib kelyapmiz. Shular haqida yoshlar bilan suhbat bo‘lishi kerak.
Yoshlarning tarbiyasida san’atning o‘rni katta ekani gap bor. Hozir to‘garaklar bor, pullik maktablar bor, avvalgidan yuz chandon yaxshi imkoniyatlar bor. Mening nazarimda endi hammasi ota-onalarga, muallimlarga bog‘liq.
Ancha yil muqaddam “Turkiston” saroyida barcha rassomlarning ko‘rgazmasi bo‘lgan. O‘n dona asarlarim bilan ko‘rgazmada qatnashganman. Menga birinchi o‘rinni berishgan. Zakavkaze shaharlari va dam olish maskanlariga sayohat bilan mukofotlashgan. Shaharlarni bir oyda aylanib chiqqanman. O‘shanda 6-sinf o‘quvchisi bo‘lganman. Dunyoda o‘zbek bolasidek qobiliyatlisi yo‘q. Men Amerikaga borganimda, qizim o‘sha yerda maktabda dars beradi. Eng yaxshi o‘quvchi o‘zbek bolasi ekanini ko‘rdik. Tarbiyasi zo‘r, qunti zo‘r, ota-bobosi zo‘r, Qodiriy, Avloniylar avlodi, axir. Rasm o‘qituvchim menga doimo sen zo‘r rassom bo‘lasan deb ko‘nglimni ko‘tarardi. Mani bir eslaysan, bolam derdi. Onamning o‘gitlarini qanday eslasam, ustozimni ham shunday eslayman. Men juda qiyinchilikda katta bo‘lganman. Otam 4 yoshimda vafot etganlar. Onam to‘rt nafar farzandni katta qildilar. Onam doimo meni ilhomlantirgan. Onamga atab “Onaginam” nomli kitob ham yozdim. Rassomlik bilim yurtini bitirib, Moskvada o‘qishni davom ettiraman deganimda, uzoq-yaqindagi jigargo‘shalarim “Sen bolaga kim qo‘yibdi”, “Ahvolingga qarasangchi”, “Boyvachchalarning o‘g‘illari kirolmayapti-ku!” deya biroz ensalari qotgan, shunda onajonim menga “O‘z kuching bilan Moskov oliygohiga kira olsang bilgin, seni eski shahar boyvachchasining bolasidek ziyoda ta’minlayman, meni sog‘lig‘i chatoq, nochor ahvolda, deb o‘ylama!” degan.
– Maktab o‘quvchilariga zamondosh rassomlarimizni ko‘proq tanitish uchun nima qilish kerak?
Birinchidan, o‘qituvchilar o‘z ishining ustasi bo‘lishi kerak. Bizning davrimizda har bir maktabda buyuk rassomlarning rasmlari devorga ilib qo‘yilar edi. Shishkindan boshlab Jalolovgacha maktab devorida tursin. Bolalar har kuni ko‘rsin, fikrlasin.
Men qirq yil Kamoliddin Behzod nomidagi institutida dars berdim. Muntazam ravishda san’atkorlar, me’morlar va yozuvchi-shoirlar bilan uchrashuvlar tashkil qilar edim. Mashhur ilm sohiblarini chaqirar edim. Maqsadim quruq leksiyavozlik emas, yoshlarni IJOD deya atalmish ohanraboga oshno qilish edi. Orzuimga qancha erishdim yoki erishmadim, buni bilmayman. Ammo, bir narsa ayonki, muallim san’atni tushunsa, sevsa, bilganlarini yoshlar qalbiga singdirsa, mehnati zoye ketmaydi. Ayniqsa bugun-mamlakatimizda ma’naviyat, ma’rifat davlatimizning yetakchi siyosatiga aylangan kunlarda. Bugun Vatanga vatanparvarlar kerak. Vatanparvarlarni ota-onalar, muallimlar tarbiyalaydi.
– Yaponlar bolaga tarbiyani, ahloqni chaqaloqlikdan 14 yosh oralig‘ida berib bo‘lar ekan. Undan keyin fuqarolar bir-birini tarbiyalashar ekan. Bunga siz nima deysiz?
– Tarbiya bir yil, o‘n yillik jarayon emas. Tarbiya butun inson umrini qamrab oladi. Uydagi muhit, ko‘cha, mahalla, ish, jamoa hammasida tarbiya bor. Lekin yana bir ta’sir omili mavjud. Masalan, qarindoshlari savdogar bo‘lsa, mashina bozorida ishlasa, biznesmen bo‘lsa, kishini albatta o‘sha tomonga tortib ketadi. Olim, fizik, shifokor bo‘lsa ilm yo‘lidan boradi. Bolaga o‘qishdan tashqari do‘stlardan xabar olish, ota-ona duosiga sazovor bo‘lish, iltifot ko‘rsatish kabilarni ham o‘rgatish zarur. Dasturxon atrofida ham hech bo‘lmasa o‘tib ketgan ota-bobolari haqida, ularning jasorati haqida gapirib berish kerak. Shundagina farzandlarimiz ona yurtni yurakdan sevib ardoqlaydigan, ijodiy kuch-qudratini o‘zi tanlagan sohaga bag‘ishlagan bo‘ladi. Baxtni ham, g‘amini ham, hayrat va shodligini ham yurtiga, Vataniga bag‘ishlaydigan avlod bo‘lib kamol topadi.
— Qiziqarli va mazmunli suhbat uchun tashakkkur!
O‘zA