Madaniyat vazirligida ijro intizomiga oid respublika seminari o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida davlat boshqaruvida ijro intizomini yangi bosqichga olib chiqish, topshiriqlar ijrosini tizimli nazorat qilish va samaradorlikni oshirish masalalariga bag‘ishlangan respublika o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi.
Hisob palatasi hamda Adliya vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur seminar vazirlik tizimida ijro intizomini mustahkamlash, nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda mas’uliyatni oshirishga oid muhim amaliy platforma sifatida xizmat qildi.
Tadbirda madaniyat vaziri o‘rinbosari S.Bobojonov, Hisob palatasi va Adliya vazirligining mas’ul vakillari, shuningdek, vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari hamda hududiy boshqarmalarning rahbar va mutaxassislari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, ijro intizomi davlat boshqaruvi samaradorligini belgilovchi asosiy omillardan biri bo‘lib, Prezident tomonidan belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish har bir rahbarning ustuvor vazifasi hisoblanadi.
Seminar davomida topshiriqlar ijrosi ustidan samarali nazoratni tashkil etish, “Ijro.gov.uz” axborot tizimidan foydalanish samaradorligini oshirish, ijro jarayonlarini monitoring qilish hamda nazorat tadbirlarida aniqlanayotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy yondashuvlar muhokama qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida Madaniyat vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlarida belgilangan 875 ta topshiriq, Prezident Administratsiyasi topshiriqlaridagi 338 ta hamda Vazirlar Mahkamasining 432 ta topshiriq ijrosi ta’minlangan.
Joriy yilning ikkinchi yarmida esa Prezident hujjatlaridagi 771 ta, Prezident Administratsiyasi rahbarining 143 ta hamda Vazirlar Mahkamasining 463 ta topshiriqlar ijrosini ta’minlash belgilangan. Xususan, avgust oyida Prezident hujjatlaridagi 71 ta, Prezident Administratsiyasi rahbarining 33 ta hamda Vazirlar Mahkamasining 71 ta topshiriq ijrosi ta’minlanishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, joriy yil davomida vazirlikka 22 mingga yaqin hujjat kelib tushgani, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 4 mingtaga ko‘p ekani qayd etildi. Mazkur hujjatlar asosida markaziy apparat tarkibiy bo‘linmalariga 14 ming 250 ta topshiriq biriktirilgan.
Seminar doirasida Hisob palatasi tomonidan nazorat tadbirlarida aniqlanayotgan kamchiliklar va ularning sabablari, shuningdek, ularni bartaraf etish mexanizmlari yuzasidan amaliy taqdimotlar o‘tkazildi. Adliya vazirligi mutaxassislari esa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini samarali tashkil etish hamda qonunchilik talablarini amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Seminar yakunida ijro intizomini yanada mustahkamlash, topshiriqlar ijrosini qat’iy nazorat qilish hamda vazirliklararo hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Mazkur seminar davlat boshqaruvida ijro intizomini mustahkamlash va samaradorlikni oshirish yo‘lida muhim amaliy qadam sifatida baholanmoqda.
N.Usmonova, O‘zA