Mustaqillik erkin ijod uchun cheksiz imkoniyatlar yaratdi
Mustaqillik milliy madaniyatimiz va san’atimiz rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatdi? Bu bebaho ne’mat ijodkor ziyolilar va umuman soha vakillarining faoliyatida qanday ijobiy o‘zgarishlar yasadi?O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, atoqli kompozitor, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professori, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Oydin Abdullayeva bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.
– Ma’lumki, mustaqillik yillarida mamlakatimizda madaniyat xodimlariga bo‘lgan e’tibor va ijodiy erkinlik butunlay yangi bosqichga chiqdi. Ijodkor va deputat sifatida bu o‘zgarishlarni o‘z hayotingiz, faoliyatingizda qanday his etayapsiz?
–Mustaqillik yillarida mamlakatimizda madaniyat va san’atga, ijod ahliga bo‘lgan e’tibor mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Buni nafaqat ijodkor, balki xalq vakili sifatida ham o‘z faoliyatimda yaqqol his etayapman. Eng muhimi, ijodiy erkinlik uchun keng imkoniyatlar yaratildi. San’atkorlarimiz milliy musiqa merosimizni chuqur o‘rganish, uning zamonaviy talqinlarini yaratish, konsert-ijrochilik faoliyatini kengaytirish hamda o‘zbek san’atini xalqaro maydonda munosib namoyon etish imkoniga ega bo‘ldi.
Shu bilan birga, san’at ta’limi tizimi ham sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi. Ixtisoslashgan ta’lim muassasalari soni ko‘paydi, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, kadrlar tayyorlash tizimi zamonaviy talablar asosida takomillashtirildi. Jumladan, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Botir Zokirov nomidagi O‘zbek milliy estrada san’ati instituti tashkil etildi. Bu estrada san’atini rivojlantirish, milliy ijrochilik maktabini yanada boyitish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Shuningdek, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filiali ochildi. Bu qoraqalpog‘istonlik iqtidorli yoshlarning poytaxtga kelmasdan turib ham yuqori sifatli musiqiy ta’lim olish imkoniyatini kengaytirdi. Nukus shahrida opera san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatning tashkil etilishi esa uzluksiz kadrlar tayyorlash tizimini yanada mukammallashtirdi.

O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi va uning Urganch filiali, shuningdek Buxoro, Qarshi, Nukus va Urganch shaharlarida ixtisoslashtirilgan raqs san’ati maktab-internatlari tashkil etildi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Nukus va Qo‘qon filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Yana bir muhim qadam sifatida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti tashkil etildi. Bu dargoh maqom, baxshichilik va milliy musiqa an’analarini asrab-avaylash, ularni ilmiy o‘rganish va yangi avlod ijodkorlarini tarbiyalashda muhim o‘rin tutmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda xalqaro maqom san’ati festivali hamda Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining muntazam o‘tkazilishi milliy musiqa merosimizning nufuzini yanada oshirdi. Bu anjumanlar nafaqat o‘zbek milliy san’atini dunyoga tanitdi, balki yurtimizning boy ma’naviy merosi xalqaro madaniy muloqotning ajralmas qismiga aylanganini namoyon etdi.

Ayniqsa, mustaqillikka qadar yetarlicha e’tibor berilmagan maqom va baxshichilik kabi noyob san’at yo‘nalishlarining qayta tiklanishi, davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanishi va xalqaro e’tirofga erishishi milliy o‘zligimizni anglash va ma’naviy taraqqiyotimizda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zimga keladigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda millatimizning ma’naviy yuksalishi, boy madaniy merosimizni qayta anglash jarayoni mening ijodimda ham yangi bosqichni boshlab berdi. Milliy qadriyatlarimiz, tarixiy ildizlarimiz va turkiy xalqlarning mushtarak ma’naviy merosiga yanada kengroq nigoh bilan qaray boshladim. Bu ijodiy izlanishlarim natijasida asarlarimda turkiy sivilizatsiyaning yuksak g‘oyalari, umumiy tariximiz va ma’naviy qadriyatlarini aks ettiruvchi yangi obrazlar paydo bo‘ldi. Turkiya, Ozarbayjon, Qoraqalpog‘iston va boshqa qardosh xalqlar ijodkorlari bilan bo‘lgan samarali ijodiy muloqotlar natijasida ozarbayjon, turk va qoraqalpoq mavzulariga bag‘ishlangan qator yirik simfonik hamda vokal-cholg‘u asarlarini yaratdim. Bu asarlar nafaqat xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy yaqinlikni musiqa tili orqali ifoda etadi, balki turkiy dunyoning mushtarak tarixi, ma’naviy birligi va umuminsoniy qadriyatlarini tarannum etadi. Ayniqsa, bugungi kunda yurtimiz tashabbusi bilan turkiy davlatlar o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlik tobora mustahkamlanayotgani ijodkorlar uchun yangi ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu ma’noda, mustaqillik men uchun faqat erkin ijod qilish imkoniyati emas, balki milliy o‘zligimizni chuqur anglash, uni zamonaviy musiqa tilida ifoda etish va o‘zbek madaniyatini jahon madaniy makonida munosib targ‘ib etishdek yuksak mas’uliyatni ham anglatadi.
– Musiqa chegara bilmas xalqaro til hisoblanadi. Sizningcha, O‘zbekistonning bugungi akademik musiqasi (simfonik va kamer asarlar) dunyo sahnalarida o‘zining milliy qiyofasini qanday namoyish etmoqda?
– Bilasizmi, so‘nggi yillarda mamlakatimizda akademik musiqa, xususan, simfonik san’at rivojida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Avvalo, simfonik orkestrlar soni ko‘paydi, ularning ijro mahorati, repertuari va badiiy saviyasi yangi bosqichga ko‘tarildi. Eng muhimi, simfonik musiqa faqat poytaxt doirasida qolib ketmay, respublika hududlarida ham muntazam namoyish etilmoqda. Bu esa keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlarda akademik musiqaga qiziqishni kuchaytirmoqda.

Bu jarayonning yana bir muhim natijasi shundaki, ota-onalar farzandlarini bolalar musiqa va san’at maktablariga ko‘proq jalb eta boshladi. Demak, akademik musiqaga bo‘lgan ehtiyoj va qiziqish jamiyatimizda tobora ortib bormoqda. Yana bir muhim yutuqni alohida ta’kidlashni istardim. Davlatimiz rahbarining tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi bilan keyingi yillarda mamlakatimiz simfonik orkestrlari rejali asosda xorijiy gastrol safarlarini amalga oshirib, dunyoning nufuzli konsert zallarida muvaffaqiyatli chiqish qilmoqdalar. Bu nainki ijrochilik mahoratining yuksak darajasini, balki O‘zbekiston akademik musiqa maktabining xalqaro standartlar darajasiga yetganini ham yaqqol namoyon etmoqda.
Albatta, bu juda katta yutuq. Biroq, oldimizda yana bir muhim vazifa turibdi. Xorijdagi konsert dasturlarida jahon klassiklari bilan bir qatorda O‘zbekiston kompozitorlarining simfonik va kamera asarlari ham kengroq o‘rin olishi lozim. Chunki har qanday mamlakatning madaniy nufuzi nafaqat ijrochilari, balki o‘z milliy kompozitorlik maktabi bilan ham belgilanadi.

O‘zbekiston kompozitorlari milliy musiqa an’analarini zamonaviy akademik uslub bilan uyg‘unlashtirgan, dunyo sahnalarida munosib yangray oladigan yuksak badiiy saviyadagi asarlarni yaratib kelmoqda. Men ishonamanki, yaqin yillarda aynan shu asarlar xalqaro konsert dasturlaridan mustahkam o‘rin egallaydi va o‘zbek akademik musiqasi o‘zining betakror milliy qiyofasi bilan jahon musiqa madaniyatida yanada munosib o‘rin egallaydi.
–Sizningcha, yurtimizda ijodkorlarning haq-huquqlari va madaniyat sohasini qo‘llab-quvvatlashda qaysi masalalar dolzarb bo‘lib turibdi?
–Nazarimda, bugungi kunda madaniyat sohasidagi eng dolzarb masalalardan biri — ijodkorlarning mualliflik va turdosh huquqlarini yanada samarali himoya qilish. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda muhim huquqiy asoslar yaratildi, qonunchilik takomillashtirildi, sohani zamonaviy talablar asosida rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, bugungi raqamli davrda mualliflik huquqini amalda ta’minlash, intellektual mulkdan qonuniy foydalanish madaniyatini yuksaltirish va ijodkorning mehnati munosib baholanishini ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Ayni paytda mamlakatimizda mualliflik huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi bir nechta nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Ularning salohiyatini yanada oshirish, moddiy va tashkiliy imkoniyatlarini mustahkamlash, davlat organlari, madaniyat muassasalari, teleradiokompaniyalar, raqamli platformalar hamda foydalanuvchilar bilan hamkorligini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.
Bu jarayonda, albatta, sohaga mas’ul vazirlik va idoralarning muvofiqlashtiruvchi o‘rni beqiyos. Mualliflik huquqlariga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni ta’minlash, qonun talablarini izchil tatbiq etish va sohada shaffof mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish ijodkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim omil hisoblanadi.

Chunki har bir yaratilgan musiqiy, adabiy yoki badiiy asar ortida katta mehnat, bilim va ijodiy izlanish mujassam. Agar muallif o‘z mehnatining samarasini his qilsa, uning yangi asarlar yaratishga bo‘lgan ishtiyoqi yanada ortadi. Bu esa nafaqat alohida ijodkor, balki butun mamlakatimiz madaniyati va san’ati rivojiga xizmat qiladi.
Shuning uchun ham mualliflik huquqlarini ishonchli himoya qilish, ijodkorning intellektual mulkini qadrlash va uning iqtisodiy manfaatlarini ta’minlash kelgusi yillarda ham madaniyat sohasidagi ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
– Hozirgi globallashuv va raqamli texnologiyalar davrida milliy madaniyatimiz va musiqa san’atimizning ildizlarini saqlab qolish g‘oyat muhim. Yangi avlol vakillari, yosh musiqachilarda milliylikka bo‘lgan qiziqishni shakllantirish mas’uliyati haqida nimalar deya olasiz?
–Bugungi globallashuv va raqamli texnologiyalar davrida yosh avlodda milliy madaniyatimiz va musiqa merosimizga hurmat va qiziqishni shakllantirish eng muhim vazifalardan biri, deb hisoblayman. Chunki millatning kelajagi, avvalo, o‘z tarixi, tili, madaniyati va san’atini anglagan yoshlar qo‘lida bo‘ladi. Shuning uchun ham yoshlarda milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini mustahkamlash, tariximizni chuqur o‘rgatish, ta’lim muassasalarida milliy madaniyat va san’atga oid bilimlarni zamonaviy yondashuvlar asosida o‘qitish, eng muhimi, oilada milliy qadriyatlarga hurmat ruhini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Milliy tafakkur eng avvalo oilada shakllanadi, keyin esa ta’lim va madaniy muhit orqali boyib boradi.

Quvonarlisi, keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan milliy madaniy merosimizni asrab-avaylash va targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbek hunarmandchiligi, baxshichilik, maqom san’ati, jadidlar ma’rifiy merosi kabi bebaho boyliklarimizni o‘rganish va dunyoga tanitish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Mamlakatimizda xalqaro madaniy festivallar tashkil etilayotgani, muzeylar, teatrlar va konsert muassasalarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilayotgani ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, milliy kino san’ati, teatr va musiqa sohasini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar ham yoshlarning ma’naviy tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki san’at inson qalbiga eng tez yo‘l topadigan, uning dunyoqarashi va estetik didini shakllantiradigan kuchli tarbiya vositasidir.
Menimcha, bugun yosh musiqachilar oldidagi asosiy vazifa milliy musiqamizni shunchaki takrorlash emas, balki uning ruhi va an’analarini chuqur anglagan holda zamonaviy ijod bilan uyg‘unlashtirishdir. Ana shunda milliylik va zamonaviylik bir-birini boyitadi, o‘zbek musiqa san’ati esa dunyo madaniy makonida o‘zining betakror qiyofasi bilan yanada keng tan olinadi. Zero, milliy ildizlarga tayangan san’atgina umrboqiy bo‘ladi. O‘z tarixini, madaniyatini va musiqiy merosini chuqur anglagan yosh avlod esa kelajakda nafaqat milliy qadriyatlarimizning munosib davomchisi, balki ularni jahonga munosib targ‘ib qiluvchi elchilarga aylanadi.
–Mazmunli suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova suhbatlashdi.