Madaniyat maktabida musiqa cholg‘ulari yetishmaydi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Oydin Abdullayeva Yangiyo‘l shahrida joylashgan Toshkent viloyati ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi faoliyatini o‘rgandi.
400 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur ta’lim muassasasida ikki yillik o‘rta maxsus ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.
O‘rganishlar davomida maktab binosi so‘nggi marta 1999-yilda ta’mirlangani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ta’lim jarayoni uchun musiqa cholg‘ulari yetishmasligi aniqlandi. Nota adabiyotlari, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlash darajasi ham talabga javob bermaydi.

Muassasaning moddiy-texnik bazasiga oid ayrim jihoz va anjomlar jamoatchilik tashabbusi asosida “Tashabbusli byudjet” loyihasi orqali xarid qilingan.

Muassasadagi kamchiliklarga qaramasdan pedagoglar tomonidan ta’lim sifati yuqori darajada ta’minlanmoqda. Xususan, bir o‘quv yili davomida 100 ga yaqin konsert dasturlari tayyorlanib, keng jamoatchilikka namoyish etilgan. Shu bilan birga, o‘quvchilarning bir qismi respublika va xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Ta’lim muassasasiga qarashli yotoqxona esa ta’mirtalab holatga kelib qolgan, kanalizatsiya tizimi ishdan chiqqan. Shuningdek, yotoqxona uchun zarur jihozlar ma’nan eskirgan bo‘lib, ularni yangilashga ehtiyoj mavjud.
Uchrashuv davomida aniqlangan muammo va kamchiliklar deputat nazoratiga olindi.
M.Komilova,
O‘zA