Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
Taniqli jurnalist va olim, tarjimon va dramaturg Laziz Rahmatov ijodi, ilmiy va jurnalistik faoliyatining eng ahamiyatli jihati – global siyosiy-geografik jarayonlar, xalqaro tajribalar va ijtimoiy masalalarni ilmiy va ilmiy-ommabop tarzda keng kitobxonlar ommasiga yetkazib berishi bilan diqqatga sazovor.
Toshkentdagi “Profi University”da O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, ciyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori va taniqli jurnalist Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
2026-yilda yangi nashr etilgan ushbu kitobda mamlakatlar haqida asosiy ma’lumotlardan tortib, boshqaruv shakli, ma’muriy bo‘linishi, joylashuvi, tabiati, tarixi va iqtisodiyoti batafsil o‘rin olgan.
Global dunyoda tobora avj olayotgan beqarorliklar tufayli har bir mamlakat o‘z boshidan kechirayotgan turli sinovlar, yangi hukumatlarning yangicha siyosatlari, tashqi siyosati, O‘zbekiston bilan o‘zaro munosabatlari, e’tiborga molik qiziqarli ma’lumotlar ham nashrga kiritilgan.
Salkam 1 ming 200 varaqdan iborat va alifbo tartibida joy olgan 241 ta mamlakat, o‘zini o‘zi boshqaruvchi hududlar aks etgan va mingga yaqin rangli rasmlar bor.
- Dunyo bir go‘zal xilqat, – dedi kitob muallifi Laziz Rahmatov. – Inson sayyoramiz ajoyibotlarini, bashariyatning turfaligini tanigani sari, anglagani qadar yanada ko‘proq tafakkur qilishga oshiqadi. Avvalgi kitob 2019-yilda nashr etilgan edi. O‘tgan yillar davomida u Yangi O‘zbekistonning jahonga ochiqlik siyosati ruhi o‘laroq yanada boyitildi. Zamonaviy dunyo – ilmlar-bilimlar dunyosi. Albatta bundan keyin uni har yili yangilangan formatda o‘quvchilarga taqdim etish niyatidaman.
– Kitobning yana bir yangiligi, o‘quvchilarga foydalanish qulay bo‘lishi uchun ilk bor elektron formatda ham taqdim etilmoqda, - dedi yuridik fanlari doktori, professor, nashrning tahrir hay’ati a’zosi Boboqul Toshev. – Qolaversa, yoshlar o‘rtasida mega-tanlov e’lon qilingani ularning qiziqishini yanada oshiradi. Endi kitobxonlar “Dunyo mamlakatlari”ning mutolaasi orqali butun dunyoni yangidan kashf etish bilan birga, qimmatbaho sovg‘alarni qo‘lga kiritishi, unutilmas sayohatlarga chiqishi ham mumkin. Ushbu tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad, hech shubhasiz, yurtimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish, talabalarga foydali ma’lumot va bilimlar tarqatish orqali olamni teran anglashga undashdir.
Tanlovda @kitobtargibot boti orqali yettidan yetmish yoshgacha fuqarolar qatnashishi mumkin. G‘olib bo‘lgan 1-6-o‘rin sohiblari Turkiya, Misr va Vetnam kabi mamlakatlarga bepul sayohat yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Yuqori o‘ntalikka kirgan ishtirokchilarga 1 milliondan 5 million so‘mgacha pul mukofotlari beriladi. 100-o‘ringacha bo‘lgan ishtirokchilar va 150 nafar faol qatnashchi maxsus sovg‘alar va kitoblar to‘plamiga ega bo‘lishadi.
Shuningdek, loyihaning keng tarqalishiga hissa qo‘shgan eng faol targ‘ibotchilarni ham alohida mukofotlar va kitoblar tuhfasi bilan rag‘batlantirish maqsad qilingan.
Tadbirda ishtirok etgan olimlar, taniqli shoir va yozuvchilar dunyodagi barcha davlatlarni o‘rganish ahamiyati haqida so‘zlashdi.
Aytish kerakki, Laziz Rahmatov 1981-yil 21-aprelda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. 2002-yillarda O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini (bakalavr), 2011-yilda O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini (magistr) tamomlagan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilgan. “Shuhrat” medali sohibi.
Turli yillarda “Fidokor” gazetasi, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi - O‘zA va “Jahon” axborot agentligi, Prezident Administratsiyada mas’ul lavozimlarda ishlagan. 10 ga yaqin ilmiy qo‘llanma, pesa va kitoblar muallifi. Respublika miqyosidagi “Qanot” loyihasi muallifi.
N.Usmonova, O‘zA