Gansudan dunyo tillarida qo‘shiq taraldi
Gansu provinsiyasi Gannan - Tibet avtonom okrugining Syaxe tumanidagi go‘zal Sangke yaylovida "Anor gulining yashnashi – go‘zal Gansu" nomli etnik musiqiy konsert bo‘lib o‘tdi.
Tibet platosining cheksiz yaylovlari va salobatli tog‘lari bag‘rida tashkil etilgan ochiq osmon ostidagi sahnada an’anaviy tibet qo‘shiq va raqslari, xalq simfonik musiqasi hamda zamonaviy musiqiy yo‘nalishlar uyg‘unlashib, tomoshabinlarga unutilmas madaniy sayohatni taqdim etdi.

Konsert nomoddiy madaniy meros elementlarini o‘zida mujassam etgan yorqin chiqishlar bilan boshlandi. Sahnaga mahalliy tibet san’atkorlari va xalq ijrochilari chiqib, Gannanning go‘zal tabiati, milliy an’analari va ko‘chmanchi madaniyatini tarannum etuvchi qo‘shiq va raqslarni namoyish etdi.

Kechaning eng muhim voqeasi Gansu Milliy orkestrining chiqishi bo‘ldi. Dasturdan Xitoy klassik musiqasi namunalari bilan bir qatorda, milliy cholg‘ular simfonik va rok musiqasi elementlari bilan uyg‘unlashtirilgan zamonaviy aranjirovkalar ham o‘rin oldi.

Tomoshabinlar, ayniqsa, “Mening Vatanim”, “Yangi chopqirlar”, “Bayram qo‘shig‘i”, mashhur Gonkong qo‘shig‘i “Gullar himoyachisi”ning zamonaviy talqini, shuningdek, “Fillar podshosi”, “Go‘zal Xuar” va “Yana partiya haqida kuylayman” asarlarini katta iliqlik bilan qarshi oldi.
Konsert ko‘p millatli Gansu madaniyatini xorijiy auditoriyaga tanitish uchun muhim maydonga aylandi.

Tadbirda Buyuk Britaniya, Fransiya, Avstraliya, Kanada, Ispaniya, Malayziya va Tailand kabi 23 mamlakatdan tashrif buyurgan jurnalistlar, blogerlar va fotosuratchilar ishtirok etdi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, mazkur konsert nafaqat yorqin madaniy tadbir, balki xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim muloqot maydonidir. Musiqa, san’at va milliy an’analar orqali Gansu dunyoga millatlar totuvligi, madaniy xilma-xillik va Xitoyning zamonaviy taraqqiyoti haqida hikoya qiladi.

Musiqa festivali 19-iyulga qadar davom etadi. Yaqin kunlarda sahnada Gannanning mashhur ijrochilari, shuningdek, Xitoyning ommabop Hanggai, Penicillin guruhlari hamda afsonaviy Black Panther rok guruhi chiqish qiladi.
Gannan – Tibet platosining ulug‘vor tabiati musiqa, madaniyat va milliy an’analar bilan uyg‘unlashgan, har bir konserti esa xalqlar do‘stligining haqiqiy bayramiga aylanadigan betakror maskandir.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (suratlari) O‘zA