Kurash: Toshkentda o‘tgan I jahon harbiy chellenj musobaqasi e’tirof etildi
Xalqaro harbiy sport kengashi (CISM) joriy yilning sentabr oyida Toshkentdagi “Olimpiya shaharchasi”da kurash bo‘yicha o‘tkazilgan I jahon harbiy chellenj musobaqasining yuqori saviyada tashkil etilganligiga yuqori baho berdi.
CISM bosh kotibi, harbiy-dengiz floti kapitani Roberto Rechxaia Xalqaro kurash assotsiatsiyasiga yo‘llagan maktubida O‘zbekistonda sport harakati jadal rivojlanayotganligi, xususan kurash sport turining harbiy sportchilar o‘rtasidagi o‘rnini e’tirof etib, tarixiy ahamiyati, musobaqaga tayyorgarlik va o‘tkazilishi jarayonida O‘zbekiston tomonidan namoyon etilgan professional yondashuv, texnik talablarga qat’iy rioya qilinganligi, hamda tashkilotlar o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlik yuqori bo‘lganligi aytib o‘tildi.
Toshkentdagi ilk “CISM World Military Kurash Challenge” musobaqasining muvaffaqiyatli o‘tkazilishi kurashning xalqaro harbiy sport harakatidagi mavqeini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lganligini ta’kidladi.
Toshkentda orttirilgan tajriba kelgusida CISM tizimidagi harbiy sportchilar o‘rtasida kurashni yanada keng targ‘ib qilish va yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lishini qayd etdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA