Jahon kubogida O‘zbekistonning uchta milliy rekordi yangilandi
Toshkentdagi Olimpiya shaharchasida suzish bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi doirasida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari uchta milliy rekordni yangiladi. Qisqa suvda, ya’ni 25 metrlik havzada o‘tkazilayotgan musobaqada sportchilarimiz bir qator yuqori natijalarni qayd etdi.
Jumladan, Ilya Sibirsev 800 metrga erkin usulda suzish bahsida 7 daqiqa 40,77 soniya natija ko‘rsatib, mamlakat rekordini o‘rnatdi.
Eldor Usmonov 100 metrga batterflyay usulida suzishda masofani 51,04 soniyada bosib o‘tib, milliy rekordni yangiladi. Sitora Odilova esa 100 metrga brass usulida 1 daqiqa 13,97 soniya natija bilan finishga yetib kelib, O‘zbekistonning yangi rekordi muallifiga aylandi.
Mazkur natijalar xalqaro maydonda mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan suzuvchilarning mahorat va salohiyatini namoyon etib, terma jamoamizning Jahon kubogi bosqichidagi ishtirokida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lumot uchun, suzish bo‘yicha “Ipak yo‘li” turining bir qismi hisoblangan mazkur jahon kubogi bosqichi mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilmoqda. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, musobaqa sportchilar uchun joriy yil dekabr oyida Pekin shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati oldidan so‘nggi tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA