Kosonsoyda istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda
FOTOREPORTAJ
Bugun yurtimizning barcha hududlarida aholi turmush farovonligini yuksaltirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonni Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida ham ko‘rish mumkin.
Jumladan, shu kunlarda D113 “Iskovot qishlog‘i – Kosonsoy shahri – To‘raqo‘rg‘on shahri – Jomashuy shahri – Ulug‘nor tumani – A373 avtomobil yo‘li”ning 6–14 hamda 14–27 kilometr oraliqlarini rekonstruksiya qilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
“CITY PERFECT-BUILDING” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar uchun 144 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, natijada ushbu yo‘l zamonaviy talablarga javob beradigan, aholi va haydovchilar uchun qulay bo‘lgan 24/7 xizmat ko‘rsatuvchi ko‘chaga aylantiriladi.
[gallery-31304]
Shu qatorda tumanida parrandachilik sohasini yanada rivojlantirish, naslli jo‘jalar yetishtirish, parrandachilik tarmog‘i uchun sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, tumandagi “Ququmboy naslli parranda” MCHJ tomonidan qiymati 90 million AQSH dollari bo‘lgan “Naslli jo‘ja ishlab chiqarish va eksportga yo‘naltirish” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha to‘liq ishga tushirilishi natijasida zamonaviy texnologiyalar asosida naslli jo‘jalar yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, mahsulotlarni tashqi bozorlarga eksport qilish imkoniyatlari kengayadi. Shuningdek, 800 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Loyihani 2028-yilning II choragida to‘liq amalga oshirish rejalashtirilgan.
Muhimi, mazkur loyiha tumanda parrandachilik sohasida zamonaviy ishlab chiqarish zanjirini shakllantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport hajmini oshirish va hududning investitsiyaviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA