Korxona faoliyatini kengaytirmoqda
Buxoro viloyatida bugungi kunda 35 mingga yaqin yuridik shaxslar hamda 18 mingdan ziyod yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili bu ko‘rsatgich, yuridik shaxslar bo‘yicha 4 000 ta, yakka tartibdagi tadbirkorlar esa 7 500 tani tashkil qilgan edi.
Raqamlardan ko‘rinib turibdi, yurtimizda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay muhit yaratilayotgani sababli tadbirkorlik qilishga intiluvchilar soni ortmoqda. Ayniqsa, o‘z biznesini kengaytirishga va qo‘shimcha ishchi o‘rinlarni yaratishga harakat qilayotganlar ham ko‘paymoqda.

Buxoro shahridagi to‘qimachilik mahsuloti ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Delta Rumino” korxonasi ham keyingi yillarda barqaror faoliyat yuritib kelayotgan korxonalardan. Mazkur korxonada ayni paytda 200 nafardan ortiq ishchi xodimlar mehnat qilmoqda.

Ushbu korxona belgilangan imtiyozdan foydalanib, 500 million so‘mdan ortiq qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini tekshiruvlarsiz qaytarib oldi.

Korxona rahbari joriy yilda Prezidentimizning tadbirkorlar bilan o‘tkazgan “ochiq muloqot”ida ishbilarmonlar uchun bildirgan navbatdagi tashabbus va takliflardan ruhlanib faoliyatini yanada kengaytirishga kirishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.