Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi yanada ortadi
Andijon davlat universitetida korrupsiyaga qarshi kurashish viloyat hududiy kengashi faoliyati samaradorligini oshirish, hududlardagi muammolar va xavf-xatarlarni aniqlash hamda baholash, mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida, Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamkorligida «O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash» qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etilgan seminar-treningda korrupsiyaga qarshi kurashish viloyat hududiy kengashi a’zolari, mutasaddi va mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
Seminar ochilishida so‘z olganlar korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga tahdid solayotgan illat sifatida butun xalqimizni jiddiy tashvishga solayotganligi, yurtimizda korrupsiyaning oldini olish, uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Seminar-treningning birinchi kun mashg‘ulotlarida korrupsiyaga oid qonunchilik normalari, ularning amaliy ahamiyati hamda hududiy kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish masalalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.


Shuningdek, mashg‘ulotlarda viloyatdagi korrupsiya holati bilan bog‘liq mavjud vaziyat tahlil qilindi, axborot almashish, vazifalarni taqsimlash va qarorlarni o‘zaro muvofiqlashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari, muammolarni hududiy darajada hal etish imkoniyatlari muhokama qilinadi.
Mutasaddi va mutaxassislarning mavzu doirasida ma’ruzalari tinglandi. Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar hamda mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Seminar-trening dasturining ikkinchi kunida jamoatchilik nazorati, ochiqlikni ta’minlash hamda fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilinishi belgilangan.


Ishtirokchilar fuqarolar murojaatlari, ochiq ma’lumotlar, statistik ko‘rsatkichlar, OAV materiallari va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining xulosalaridan korrupsiya xavfini aniqlashda foydalanish usullarini o‘rganadilar. Bunda tasdiqlangan faktlarni da’vo va tekshirilmagan ma’lumotlardan farqlash, qo‘shimcha axborotga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash hamda kelib tushgan xabarlarga vakolatlar doirasida qonuniy va asoslantirilgan munosabat bildirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Amaliy mashg‘ulotlarda mavjud ma’lumotlarni tekshirish, mas’ul tashkilotlarni belgilash, tegishli choralarni ishlab chiqish va ularning ijrosini monitoring qilish bo‘yicha ham amaliy takliflar tayyorlanadi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari