Toshkent forumi: Tadbirkorlar uchun yangi davr (+video)
Toshkentda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ hamkorligida o‘tkazilgan “TRK Biznes-Forum-2026” mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan yuzlab tadbirkorlar, xalqaro moliya institutlari vakillari va soha ekspertlarini jamladi.
“Rivojlanish instituti: moliyalashtirish, innovatsiya va iqtisodiy taraqqiyot” shiori ostida kechgan anjumanda nafaqat sarmoyaviy imkoniyat, balki biznesni boshqarish va raqamlashtirishning mutlaq yangi bosqichi ham taqdim etildi. Xususan, kompaniya boshqaruvi raisi Abbosxon Mahamatov tadbirkorlikni uzoq muddatli va barqaror moliyalashtirishga qaratilgan yangi imkoniyatlarni taqdim etdi.
Ma’lumki, majburiyatni vaqtida bajaradigan, barqaror ish o‘rni yaratayotgan, sof foyda ko‘rayotgan intizomli kichik va o‘rta biznes vakillariga yillik 12 foiz bilan 5 milliard so‘mgacha kredit 10 yil muddatga ajratilishi belgilangan. Bundan tashqari hududlar rivojiga hissa qo‘shuvchi ishlab chiqarish va turizm loyihalari uchun xizmat ipotekasi mexanizmi yordamida foydalanilmayotgan davlat mablag‘i hisobidan 15 milliard so‘mgacha taqdim etish, tibbiyot va sayyohlik majmualari uchun 30 milliard so‘mgacha yillik 12 foizli maqsadli ssuda berish ko‘zda tutilgan. 3 milliard so‘mgacha biznesni aylanma mablag‘ bilan ta’minlash maqsadiga yo‘naltiradigan sheriklik mexanizmi ham yaratilgan.
Forum davomida xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan yangi tuzilmalar haqida ham ma’lumot berildi. Jahon banki ko‘magida tashkil etilgan “Biznes fond” AJ orqali tez sur’atda rivojlanayotgan, barqaror ish o‘rni yaratayotgan korxona hamda loyihalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritilmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki bilan birga “Mikromoliyalash xizmatini rivojlantirish” MCHJ faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tuzilma yondosh tashkilotlarga kredit va kafolat taqdim etib, eng kichik biznes sub’ektlari uchun ham moliyaviy resursdan foydalanish imkoniyatini kengaytirdi.
Kompaniya qo‘llab-quvvatlagan loyihalar soni 2023-yilga nisbatan 1,9 barobar oshib, 100 000 ga yetdi. Ajratilgan moliyaviy yordam miqdori 25,3 trillion so‘mni tashkil etdi. Mazkur tashabbuslar doirasida 390 000 dan ko‘p yangi ish o‘rni yaratildi, 10 000 dan ziyod tadbirkor faoliyati ko‘lamini kengaytirishga erishdi.
Tadbirning eng muhim qismlaridan biri biznes jarayonini soddalashtirishga qaratilgan raqamli mahsulotlar taqdimoti bo‘ldi.
Mutaxassislar “Tadbirkor” veb-portali hamda mobil ilovasi imkoniyatini namoyish etdi. Endi tadbirkor arizani masofadan turib yuborishi, shartnomani esa elektron raqamli imzo orqali uydan chiqmasdan imzolashi mumkin. Tizimga integratsiya qilingan “IdeaLab” va sun’iy intellektga asoslangan tahlil platformalari orqali biznes-reja hamda texnik-iqtisodiy asosnomani avtomatik tarzda tayyorlash, korxona likvidligi va moliyaviy barqarorligini tekin baholash, shuningdek moliyaviy tavsiya olish imkoni yaratildi.
A.Mahamatov ta’kidlaganidek, tadbirkorlikni rivojlantirishda moliyaviy ko‘mak bilan bir qatorda nomoliyaviy xizmat ham muhim ahamiyatga ega. Zero, ajratilgan mablag‘ samaradorligi tadbirkor hisob-kitobni qay darajada puxta yuritishiga ham bog‘liq. Shu maqsadda oliy ta’lim muassasalari bilan birga “Yosh biznes tahlilchilar dasturi”ni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Tadbir yakunida “BMB Media” rahbari Diyorbek O‘lmasov tayyorlagan “Bir qadam” hujjatli filmi namoyish etildi. Ochiq muloqot va savol-javob shaklida kechgan anjuman tadbirkorlarga o‘zlarini qiziqtirgan turli savollarga aniq javob olish imkonini yaratdi.
[gallery-32058]
Fardona Yaxshiboyeva,
Ulug‘bek To‘xtayev (video),
O‘zA