Ko‘ngil musavviri - Farida Afro‘z (+video)
So‘zlar jilosi — bu she’riyatning ruhi va jozibasidir. She’rda so‘zlar oddiy fikr ifodasi emas, balki musiqiy ohang, rang-barang tasvir va his-tuyg‘ular jilvasiga aylanadi.
Adabiyotshunoslik va shoirlar e’tirofiga ko‘ra, she’r – yog‘du ichra gullagan, qalbdan qaynab chiqqan so‘zlar jamlanmasidir.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘zbek adabiyotining taniqli va sevimli shoiralaridan biri, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni sohibasi Farida Afro‘zning “Tanlangan asarlar” hamda “Shuur” nomli kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, davlat hamda jamoat arboblari, tarjimonlar, ijodkor yoshlar, kitobxonlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirning eng e’tiborli lahzalaridan biri muallifning o‘z chiqishi bo‘ldi. Farida Afro‘z yig‘ilganlarga samimiy minnatdorlik bildirib, yangi kitoblarning yaratilish tarixi, ularning mazmun-mohiyati hamda ijodiy izlanishlari haqida fikr-mulohazalarini bayon etdi.
Farida Afro‘z bugungi kunga qadar o‘zbek she’riyati va tarjimachiligi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan sermahsul ijodkorlardan biridir. Uning asarlari nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham keng e’tirof etilgan bo‘lib, ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan.
“Tanlangan asarlar” va “Shuur” kitoblarining taqdimoti shoira ijodidagi yana bir muhim bosqich bo‘lib, adabiyot ixlosmandlari uchun unutilmas ma’naviy bayramga aylandi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/DzKLw9YFugw" title="Ko‘ngil musavviri - Farida Afro‘z" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA