Samarqandlik nuroniylar e’zozlandi
Samarqand shahrida O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi vasiylik Kengashining yaqinda qabul qilingan qaroriga ko‘ra, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan nuroniylarga ushbu nishonlarni topshirish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev, “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev mukofotlanganlarni tabriklab, yurtimizda keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, nuroniylarning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki haqida so‘z yuritdi.
– Bugun bu yerda jam bo‘lgan ulug‘ yoshdagi otaxon va onajonlarimiz chinakam mehnat faxriylari, – dedi A.Boboyev. – Ular o‘z vaqtida jamiyat hayotining turli sohalarida fidokorona mehnat qilib, viloyatimiz taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan. Ayni chog‘da ham nafaqada bo‘lsalar-da, o‘z hayotiy tajribalari, bilim va salohiyatlari bilan yoshlarga ibrat bo‘lib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, nafaqat o‘z oilalarining, balki jamiyatimizning tayanchi bo‘lib kelmoqda. Ularning faolligi, duolari barcha ishlarimizga unum, baraka bag‘ishlayapti.
Marosimda “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari o‘z egalariga tantanali topshirildi. “Nuroniy” jamg‘armasi vasiylik kengashi qaroriga ko‘ra, bu yil 78 nafar samarqandlik nuroniylarning ko‘p yillik samarali faoliyati e’tirof etilib, ushbu mukofotga loyiq ko‘rildi.
[gallery-30239]
– Jurnalistika sohasida ellik yildan ortiq vaqt ishlab, turli davr, siyosiy tuzumlarni ko‘rdik, – deydi Narpay tumanidagi “Navqiron Narpay” gazetasi muharriri Toshpo‘lat Toshmurodov. – Lekin bugungichalik insonga e’tiborni, inson qadrining ulug‘lanishini ko‘rmaganmiz, desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Prezidentimiz tashabbusi bilan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni ta’sis etilishi va har yili yuzlab yurtdoshlarimizning ko‘p yillik zahmatli faoliyati e’tirof etilayotgani ham ana shu e’tiborning yorqin bir ko‘rinishi hisoblanadi. Bu yil mukofotlanganlar qatorida mening ham nomim borligini ko‘rib, qalbim quvonch va hayajonga to‘ldi. Albatta, buning uchun “Nuroniy” jamg‘armasi rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman.
Marosim to‘kin dasturxon atrofida nuroniylarning dilkash suhbati bilan davom etdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari