Kon bag‘rida kamol topgan oliygoh
Olmaliq shahri nafaqat yirik sanoat markazi, balki muhandislik tafakkuri shakllangan hudud sifatida mamlakatimiz taraqqiyotida alohida o‘rin tutadi. Bu yerda faoliyat yuritayotgan Olmaliq davlat texnika instituti esa yarim asrdan ziyod vaqt davomida konchilik va metallurgiya sohalari uchun malakali mutaxassislar tayyorlab kelmoqda.
Bugun esa oliygoh o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yib, ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan va innovatsiyalar markaziga aylanishni maqsad qilgan.

Institut tarixi 1963-yildan boshlanadi. O‘sha yili Toshkent politexnika institutining kon-metallurgiya fakultetini ishlab chiqarishga yaqinlashtirish maqsadida bevosita Olmaliq shahriga ko‘chirildi. Bu qaror mamlakatning yirik kon-metallurgiya korxonalarini yuqori malakali muhandislar bilan ta’minlash ehtiyojidan kelib chiqqan edi.
Keyingi yillarda ta’lim muassasasi bir necha bor qayta tashkil etildi. 1995-yilda uning faoliyati to‘xtatilgan bo‘lsa, 2001-yilda Navoiy davlat konchilik instituti tarkibida qayta tiklandi. 2017-yildan esa Toshkent davlat texnika universitetining filiali sifatida ish boshladi. Prezidentimizning 2025-yil 8-sentabrdagi qaroriga muvofiq, oliygoh mustaqil Olmaliq davlat texnika instituti maqomini oldi. Bu qaror uning rivojlanishida yangi davrni boshlab berdi.
Bugun institut faqat muhandis kadrlar tayyorlash bilan cheklanmaydi. Uning oldiga sanoat uchun ilmiy yechimlar ishlab chiqish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda ishlab chiqarish bilan ilm-fan integratsiyasini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan. Shu maqsadda 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish konsepsiyasi qabul qilindi.

Ayni paytda institutda 5400 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Kelgusi yillarda ularning sonini 9 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. So‘nggi yillarda 12 ta yangi ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilib, yo‘nalishlar soni 23 taga yetdi. Konchilik va metallurgiya bilan bir qatorda axborot texnologiyalari, kompyuter injiniringi, qurilish, arxitektura, iqtisodiyot va ekologiya kabi zamonaviy yo‘nalishlar ham rivojlantirilmoqda.
Olmaliq davlat texnika institutining eng muhim jihatlaridan biri ta’limning ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘langanidir. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati korxonalarida 17 ta kafedra filiali tashkil etilgan. Talabalar nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlaydi, korxona mutaxassislari esa ta’lim jarayonida ishtirok etadi. Bu esa yosh mutaxassislarni mehnat bozori talablariga mos holda tayyorlash imkonini beradi.
Institutda ilmiy tadqiqotlarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2026-yilda Oliy attestatsiya komissiyasi qarori bilan institut huzurida metallurgiya va foydali qazilmalarni boyitish yo‘nalishlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tashkil etildi. Endi yosh tadqiqotchilar o‘z ilmiy ishlarini aynan Olmaliqda himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Oliygohda innovatsion faoliyat ham yangi bosqichga chiqmoqda. Prezidentning 2026-yil 4-apreldagi farmoni asosida institutda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, "spin-off" innovatsion korxonalarini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlandi. Shuningdek, geologiya, metallurgiya va texnika sohalariga ixtisoslashgan "GeoMetTex" muhandislik maktabi hamda sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan "Simbiotech" laboratoriyasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Xalqaro hamkorlik ham institut faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Xitoy va Turkiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Bu esa institutning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Olmaliq davlat texnika instituti bugun nafaqat muhandis kadrlar tayyorlaydigan ta’lim muassasasi, balki sanoat, ilm-fan va innovatsiyalar uyg‘unlashgan ilmiy markaz sifatida shakllanmoqda. Uning rivojlanishi nafaqat Olmaliq shahri, balki mamlakat sanoati va muhandislik ta’limi istiqboli uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Yaqin yillarda institut oldiga qo‘yilgan vazifalar talabalar sonini oshirish, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish, o‘z ilmiy maktabini shakllantirish va innovatsion korxonalar tashkil etish uning mamlakatdagi yetakchi muhandislik oliygohlaridan biriga aylanishiga mustahkam zamin yaratadi.
Doniyor Xoliqulov,
Olmaliq davlat texnika instituti kafedra mudiri,
texnika fanlari doktori, professor.
O‘zA