Kitobni do‘st tutgan inson hayotda qoqilmaydi
Andijonda viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Ma’naviyat-ma’rifat markazi viloyat bo‘limlari, Bobur nomli viloyat axborot-kutubxona markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida “Kitobsevar millat” shiori ostida VI respublika “Kitobxonlik haftaligi” tadbirlari boshlandi.
Olimlar, yozuvchi va shoirlar, yosh ijodkorlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, san’atkorlar, kitobxonlar, yoshlar ishtirokida Bobur nomli viloyat axborot-kutubxona markazida haftalik ochilishiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Xurshida Vahobjon qizi, Bobur nomli viloyat axborot-kutubxona markazi rahbari Gulnoraxon Ismoilova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Habib Siddiq va boshqalar mamlakatimizda yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarning ma’naviyatini, dunyoqarashi hamda intellektual salohiyatini yuksaltirish, tariximiz, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, aholining kitobxonlik darajasi va madaniyatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi haqida so‘z yuritdi.

– “Kitobxonlik haftaligi” doirasida mehnat jamoalari, ta’lim muassasalari, mahallalarda kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlar, jumladan, kitob yarmarkalari, aksiyalar, davra suhbatlari, taqdimotlar va turli tanlovlar o‘tkaziladi. Ana shu tadbirlar, shubhasiz, har bir yurtdoshimizni kitobxonlikka chorlaydi. Mazkur tadbirlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, fuqarolarning adabiyotga bo‘lgan e’tiborini, aholi o‘rtasida ma’naviy ozuqa manbai bo‘lgan kitobga, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni, mutolaa madaniyatini oshirishdan iborat, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Xurshida Vahobjon qizi.
Haftalik doirasida viloyat axborot-kutubxona markazida o‘tkazilgan ilk tadbir – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi”, marhum ijodkor Qamchibek Kenja xotirasiga bag‘ishlandi. Tadbirda ijodkorning hayoti, faoliyati, ijodiy merosi xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, adibning yaqinda nashrdan chiqqan 10 tomlik saylanmasi taqdimoti ham o‘tkazildi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Orifjon Meliyevning 70 yoshga to‘lganligi munosabati ijodiy kecha hamda uning kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda so‘z olganlar ijodkorning o‘ziga xos ijod yo‘li, asarlari, xususan, “Ko‘nglim ko‘kka intilar”, “Ostona” nomli she’riy to‘plamlari haqida so‘z yuritdi. Ijodkor yoshlar tomonidan shoir she’rlaridan namunalar o‘qildi.
– Kitob insonni ulug‘laydi, kitobni o‘ziga do‘st tutgan inson hayotda hech qachon qoqilmaydi, – deydi tadbir ishtirokchisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi Vosit Axmatxonov. – Qolaversa, muntazam kitob o‘qiydigan inson bilimli, odob-axloqli, yuksak ma’naviyatli shaxs sifatida jamiyatda nafaqat o‘z o‘rnini topa oladi, balki, uning faol a’zosiga aylanadi. Shu ma’noda haftalik doirasidagi tadbirlar shubhasiz, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning kitobga bo‘lgan muhabbatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Umuman, “Kitobxonlik haftaligi” doirasida viloyatdagi ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari, harbiy qismlarda “Kitobdan yaxshi do‘st bo‘lmas”, “Kitob bilim manbai”, “Kitob mening hayotimda”, “Ajdodlardan qolgan meros”, “Kitob ma’naviyat poydevori”, “Tafakkur xazinasi” kabi mavzularda ma’naviy-ma’rifiy, adabiy tadbirlar, shuningdek, mushoira, kitobxonlik marafonlari, aksiya va tanlovlar o‘tkaziladi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA.