Kim haq ekanligini isbotlash osonlashdi
Farg‘ona viloyatidagi barcha yo‘l-patrul xizmati inspektorlari maxsus kameralar bilan ta’minlangan bo‘lib, bu ularning samarali faoliyat olib borishida muhim o‘rin tutmoqda. Kameralar har bir holatni oshkora, ro‘yi rost ko‘rsatib bermoqda.
Yaqinda Qo‘shtepa tumanida yo‘l-patrul xizmatining inspektori faoliyatiga to‘sqinlik holati ro‘y berdi. Uning bodi kamerasi ko‘rilganda, haqiqatdan bir guruh fuqarolar xodimning xizmatiga qarshilik ko‘rsatib, hatto uyiga olib kirib, do‘pposlashgacha borishganligi ma’lum bo‘ldi. Hozirda dastlabki tergov surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Har bir bodi kameraning hududlarda server qurilmalari bor. Undagi tasvirlar albatta, saqlanadi hamda inspektorlarning faoliyati muntazam tahlil qilib boriladi. Joriy yilning o‘tgan davrida bodi kameralar orqali fuqarolar bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgan va boshqa holatlar aniqlanib, 47 nafar yo‘l-patrul inspektoriga intizomiy jazo qo‘llanildi.
Farg‘ona viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bu haqida aytib o‘tildi. Unda viloyat hududida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar, kamchilik va muammolar xususida so‘z yuritildi.

Prezidentimiz raisligida joriy yil 11 fevral kuni o‘tkazilgan yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida yo‘l-transport hodisalari chuqur tahlil etilib, aniq vazifalar belgilab berildi. bugungi kunda viloyatda bu borada muayyan ishlar olib borilmoqda. Yo‘l harakatini boshqarish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hududiy konsepsiya tayyorlandi. Shuningdek, tizimni raqamlashtirish amalga oshirilmoqda, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash choralari ko‘rilyapti.
Farg‘ona, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlaridagi 67 ta chorraha, 61 ta to‘g‘ri yo‘l uchastkasida qoidabuzarliklarni qayd etuvchi foto va videofiksatsiya qurilmalarining o‘rnatilishi yakunlanmoqda. Turkiyaning ilg‘or tajribalari o‘rganilib, tadbiq etilmoqda. 2021 yil va joriy yilning o‘tgan davrida 4 ming 116 ta yangi yo‘l belgilari o‘rnatilib, 9 ming 609 ta eskirgan yo‘l belgisi almashtirildi, 105 ta joyda svetofor qurilmalari o‘rnatildi.

Viloyat IIB YHXB tashkiliy bo‘lim boshlig‘i Hayotjon Abdullayevning aytishicha, olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlariga qaramasdan joriy yilning o‘tgan davrida 240 dan ortiq yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan. Tashvishlanarlisi, piyodalar ishtirokidagi ko‘ngilsiz holatlar ko‘p uchramoqda.
Matbuot anjumanida mas’ullar tomonidan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi dolzarb vazifalar haqida ma’lumot berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga soha matasaddilari tomonidan batafsil javob berildi.

M.Sulaymonov, O‘zA