Kikboksing: Venetsiyada o‘tgan jahon chempionatida O‘zbekiston madhiyasi yangradi
Italiyaning Venetsiya shahrida kikboksing bo‘yicha yoshlar, o‘smirlar va kichik o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 15 ta medallar shodasini qo‘lga kiritdi.
60 tadan ziyod davlatning ming nafarga yaqin yosh kikboksingchilari ishtirok etgan bahslarda mamlakatimizning sportchilari 2 ta oltin, 2 ta kumush va 11 ta bronza medallariga ega chiqdi.

Shiddatli kechgan janglarda terma jamoamiz a’zolaridan Aziz Yuldashev -51 kg vazn toifasida terma jamoamizga ilk oltin medalni taqdim etgan bo‘lsa, Fuzayl Sodiqov “Kick” yo‘nalishining -67 kg vazn toifasida jahon chempioniga aylandi.

Aytish lozimki, Fuzayl Sodiqov saralash bahslarida Yevropa va Amerika qit’asi vakillaridan ustunlikka erishdi.
Final jangida Qirg‘iziston terma jamoasi a’zosi bilan to‘qnash keldi. Hal qiluvchi bahsda Fuzayl o‘zining yuqori texnikasi, aniq zarbasi va g‘alabaga bo‘lgan kuchli intilishini namoyish etib, chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi.
To‘qqiz kun davom etgan jahon birinchiligi davomida mahoratli yosh kikboksingchilarimizning g‘alabasi sharafiga ikki marta Venetsiya sport maydonida O‘zbekiston madhiyasi yangrab, o‘n besh marta vatanimiz bayrog‘i sarbaland bo‘ldi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA