Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish – davr talabi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlarning kiberxavfsizlik borasidagi bilimlarini oshirish, internet tarmog‘ida uchraydigan turli tahdid va firibgarliklardan ogoh etish hamda kiberjinoyatlarning oldini olish maqsadida targ‘ibot uchrashuvi tashkil etildi.
“Payshanba – yoshlar kuni” hamda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi katta inspektori, leytenant Shohruh Yuldashov hamda institutning xotin-qizlar profilaktika inspektori Miyrigul Narimbetova ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida bugungi kunda raqamli texnologiyalar va internetdan foydalanish imkoniyatlari kengayib borayotgani bilan bir qatorda, kiberjinoyatlar va internet firibgarligining turli ko‘rinishlari ham uchrayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan talaba-yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish, ularda internetdan xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda kiberjinoyatlarning oldini olish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Tadbirda katta inspektor Shohruh Yuldashov tomonidan talabalarga internet orqali sodir etiladigan firibgarliklar, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi soxta akkauntlar, shubhali havolalar, bank kartalari ma’lumotlarini noqonuniy qo‘lga kiritish hamda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan g‘arazli maqsadlarda foydalanish kabi holatlar haqida tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, fuqarolarning ishonchidan foydalanib, ularni turli yolg‘on takliflar va xabarlar orqali aldash usullari, bunday jinoyatlarga aldanib qolmaslik choralari hamda kiberjinoyatga duch kelganda qanday harakat qilish lozimligi haqida tavsiyalar berildi.
Talabalarga bank kartasi ma’lumotlari, SMS orqali keladigan tasdiqlash kodlari va shaxsiy parollarni begonalarga bermaslik, noma’lum havolalarga kirmaslik, shubhali qo‘ng‘iroq va xabarlarga ishonmaslik, ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini himoyalash zarurligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, internetdan foydalanishda hushyorlik va mas’uliyatni oshirish, shuningdek, yoshlarni turli kiberxavflardan himoya qilish va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olib, kiberjinoyatlardan himoyalanish va shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri