Ispaniya tajribasi O‘zbekiston dalalarida: hamkorlikdan qanday natija kutilmoqda?
Qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish yerga ekin ekish yoki uni o‘z vaqtida zarur o‘g‘itlar bilan oziqlantirishdan iborat emas. Buning uchun eng avvalo tuproqning holatini yaxshilash, suv va resurslardan oqilona foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va eng muhimi, har bir sarflangan mablag‘dan samara olish zarur. Bugun agrar soha oldida turgan eng muhim vazifalardan biri ham shu.
Poytaxtimizda tashkil etilgan Ispaniya–O‘zbekiston biznes-forumi ana shu masalalarga xorijiy tajriba va hamkorlik nuqtai nazaridan yondashish imkonini berdi. Forumda Ispaniyaning 20 ga yaqin kompaniyasi vakillari ishtirok etib, O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, yangi investitsiyaviy loyihalarni yo‘lga qo‘yish va agrar tarmoqqa zamonaviy yechimlarni olib kirish masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish bilan birga tuproq unumdorligini saqlash, yer resurslarining sifatini yaxshilash va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish masalalari ham dolzarb. Chunki tuproqning holatiga e’tiborsizlik, agrotexnik talablarga rioya qilmaslik va eskicha yondashuvlar ertangi hosilga bugundan ta’sir ko‘rsatadi.
[gallery-32252]
Forum doirasida Ispaniya kompaniyalari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda aynan shu yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mineral va organik o‘g‘itlar ishlab chiqarish hamda yetkazib berish, tuproq unumdorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy yechimlarni joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, tuproqni dezinfeksiya qilishda qo‘llaniladigan mahsulotlar, ilg‘or texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni o‘zlashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Soha vakillari Ispaniya–O‘zbekiston biznes-forumi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish, agrar sohada yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash va istiqbolli loyihalarni shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
Nosirjon Haydarov (surat)
O‘zA