Kelajak maktabdan boshlanadi
Ta’lim haqida gap ketganda, ko‘z oldimizga avvalo maktab, sinfxona, ustoz va o‘quvchi keladi. Ammo bugungi maktabning vazifasi faqat bilim berish bilan cheklanmaydi. U bolaning qobiliyati namoyon bo‘ladigan, qiziqishi qo‘llab-quvvatlanadigan, mustaqil fikrlashi va hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun zarur ko‘nikmalar shakllanadigan muhim maskanga aylanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 30-sentabrda O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi O‘zbekiston” universitetida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvida ham ta’limni rivojlantirish Yangi O‘zbekistonni barpo etishning eng muhim bo‘g‘ini ekani ta’kidlandi. Keyingi o‘n yilda 1 million 800 ming o‘rinli bog‘chalar va 1,5 million o‘rinli maktablar barpo etilgani, 10 mingdan ziyod ta’lim muassasasi zamonaviy ko‘rinishga keltirilgani qayd etilar ekan, endi asosiy e’tibor ta’lim mazmuni va sifatiga qaratilishi zarurligi aytildi.
Jizzax viloyatida maktabgacha va maktab ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar ham ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. Bu jarayonni faqat yangi binolar, ta’mirlangan maktablar yoki statistik ko‘rsatkichlar bilan baholab bo‘lmaydi. Muhimi, ta’lim mazmuni yangilanib, bolaning bugungi ehtiyoji bilan ertangi hayoti o‘rtasida uzviy bog‘liqlik yaratilayotganida.
Ayniqsa, yoshlarni kasbga yo‘naltirish borasidagi ishlar bugungi ta’limning mazmunan o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. 2025-2026 o‘quv yilida viloyatdagi 20 ta maktabda o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish tizimi joriy etilib, 11-sinfda tahsil olgan 914 nafar o‘quvchi tanlov asosida ishchi kasblar hamda axborot texnologiyalari yo‘nalishlariga o‘qitildi. Mazkur maktablarda kasbiy ta’lim ustasi lavozimi ham joriy etildi. O‘quv yili yakunida 397 nafar bitiruvchiga elektron kasbiy sertifikat berildi.

Bu yo‘nalishning ahamiyati Prezident uchrashuvida bildirilgan fikrlarda ham yaqqol ko‘rindi. Davlat rahbari maktab bitiruvchisi katta hayotga kasb va xorijiy tilni egallab chiqishi zarurligini ta’kidladi. Yoshlarni maktabdanoq kasbga tayyorlash, ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash bo‘yicha yangi yechimlar ishlab chiqish, maktab direktorlariga bu borada qo‘shimcha vakolatlar berish va tadbirkorlar bilan hamkorlikni kengaytirish vazifalari belgilandi.
Zero, bugun maktab bitiruvchisidan faqat “Qanday baho olding?” deb so‘rashning o‘zi kifoya emas. “Nimani bilasan?”, “Nimani qila olasan?”, “Qaysi kasbga qiziqasan?” degan savollar ham muhim. Chunki ta’limning haqiqiy samarasi bilimning o‘zida emas, uni hayotda qo‘llay olishda ham namoyon bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan, kasbga yo‘naltirish ishlari bolaning ilk ta’lim bosqichlaridan boshlanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Yangi 2026-2027 o‘quv yilidan maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarida uzluksiz kasbga yo‘naltirish dasturlari amaliyotga joriy etiladi.
Besh yoshdan boshlab bolalar “Atrofimizdagi kasblar” dasturi asosida o‘yinlar orqali turli kasblar bilan tanishadi. Boshlang‘ich sinflarda “Kasblar alifbosi”, 5-6-sinflarda “Kasblar olami”, 7-9-sinflarda esa “Mening kelajakdagi kasbim” dasturlari orqali mehnat va kasblar haqida tushuncha berilib, qiziqish, qobiliyat va iqtidorni aniqlashga e’tibor qaratiladi.

Bu yondashuvning ahamiyati shundaki, kasb tanlash bolalikdan shakllangan qiziqish va qobiliyatga tayanadi. Ya’ni bugungi qiziqish ertangi maqsadga aylanishi uchun unga o‘z vaqtida yo‘l ko‘rsatiladi.
Jizzax viloyatida 2023-2026-yillarda maktab va maktabgacha ta’lim ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlariga 654 milliard 979 million 300 ming so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 180 ta ob’ektda, jumladan, 160 ta maktab va 20 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida ishlar amalga oshirildi.

2023-yilda 11 ta umumta’lim maktabidagi ishlar natijasida 2 ming 670 ta o‘quvchi o‘rni yaratilgan bo‘lsa, 2024-2025 o‘quv yilida 26 ta maktabda 5 ming 160 ta o‘quvchi o‘rniga sharoit yaratildi. 2025-2026 o‘quv yilida 19 ta maktabda 3 ming 902 ta, 2026-2027 o‘quv yilida esa 15 ta maktabda 4 ming 579 ta o‘quvchi o‘rni yaratishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Maktabgacha ta’limda ham izchillik bor. 2023 va 2024-yillarda beshtadan, 2025-yilda beshta, 2026-yilda esa yana beshta maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, jami 1290 ta bola o‘rni yaratildi.
Yangi bino yoki rekonstruksiyaning ahamiyatini ham shundan izlash kerak: bu oddiy qurilish emas, balki bolaning ta’lim olishi uchun yangi imkoniyat yaratishdir.
Albatta, ta’lim sifati devor va jihoz bilan belgilanmaydi. Eng zamonaviy sinfxonada ham sifatli darsning asosiy tayanchi – ustoz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda bu haqda: “O‘qituvchi – mehr daryosi, o‘qituvchi – ezgulik bulog‘i, o‘qituvchi – ma’rifat quyoshi!” deya ta’kidladi. Sun’iy intellekt bilim olish va mehnat qilish usullarini o‘zgartirayotgan bir paytda ham hech bir texnologiya bolaning qalbiga ustoz kabi yo‘l topib, unga Vatanga muhabbat va mas’uliyat tuyg‘usini singdira olmasligi qayd etildi.
Shu bois pedagog salohiyatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Umumta’lim maktablarida oliy ma’lumotli o‘qituvchilar ulushi 2 foizga oshirildi, oliy va birinchi malaka toifasiga ega pedagoglar ulushi esa 34 foizga yetkazildi.
Respublika miqyosida xalqaro va milliy sertifikatga ega o‘qituvchilar soni besh yilda 29 mingdan 143 mingga oshgan, maktablarda o‘qituvchi yetishmasligi uch barobar kamaygan. 40 ming muallim 1 ming dollardan, yana 1,5 ming nafari 2 ming dollardan yuqori maosh olmoqda. Milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga 50 foiz ustama to‘lash, har yili 208 ta tuman va shahardagi yetakchi muallimlarni rag‘batlantirish, ming nafar pedagogni xorijda stajirovkaga yuborish kabi vazifalar belgilandi.

Dars jarayonidagi yangilanishlar ham shu maqsadga xizmat qilmoqda. 2025-2026 o‘quv yilida 164 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy etildi. Yangi o‘quv yilidan bu tizim qo‘llaniladigan maktablar soni 314 taga yetkaziladi. Maktablar faoliyatini baholash uchun “sifat indeksi” joriy etilishi, pedagoglarning kasbiy rivojlanishi uchun vaucher tizimiga o‘tish ham ta’lim natijasiga yangicha yondashuvni anglatadi.
Ta’limda xalqaro tajribaga tayanish ham kuchaymoqda. O‘tgan o‘quv yili viloyatda 60 nafar xorijiy mutaxassis ta’lim jarayoniga jalb etilgan bo‘lsa, boshlangan mazkur yangi o‘quv yilidan ularning sonini 100 nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Iqtisodiyotning texnologik rivoji uchun matematika, fizika, kimyo va biologiyani chuqur o‘qitishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Yangi o‘quv yilidan 100 ta maktabda matematika, informatika va tabiiy fanlarning ayrim sinflarda to‘liq ingliz tilida o‘qitilishi rejalashtirilgan.
Islohotlarning eng muhim mezoni natija. Jizzax viloyatida oliy ta’lim muassasalariga kirishning o‘rtacha bali 92 ballni tashkil etib, avvalgi davrga nisbatan 20,2 ballga oshdi. Davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha so‘nggi uch yilda 6,1 foiz o‘sish qayd etildi. Viloyat ketma-ket ikkinchi yil ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha respublikada uchinchi o‘rinda qayd etildi.
Bu natijalarni birgina raqam bilan izohlab bo‘lmaydi. Unda o‘qituvchining mehnati, o‘quvchining intilishi, ota-onaning e’tibori va ta’lim muhitining o‘rni bor.
Shu bilan birga, barcha o‘quvchining qiziqishi bir xil emas. Kimdir akademik bilimni tanlasa, yana kimdir amaliy kasbga intiladi. Shuning uchun ta’lim yo‘llarining xilma-xilligi ham muhim. 2026-yilda viloyatdagi xususiy maktablar soni 18 taga yetkazildi. Respublika miqyosida esa o‘quv o‘rinlariga talab yuqori bo‘lgan 52 ta tumanda xususiy maktablar tashkil etish uchun imtiyozli kredit va subsidiya ajratish, bo‘sh turgan davlat binolarini xususiy maktablarga o‘n yilga bepul ijaraga berish choralari belgilanmoqda.

Alohida ehtiyojga ega bolalar uchun ham ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish muhim vazifaga aylanmoqda. Ikki yilda inklyuziv sharoit yaratilgan maktablar soni qariyb besh barobarga oshib, 3 ming 591 taga yetdi. Toshkentda ish boshlagan ko‘p funksional inklyuziv resurs maktabi tajribasini yil oxirigacha Xorazm, Jizzax va Samarqand viloyatlarida, kelgusi ikki yilda esa barcha hududlarda joriy etish rejalashtirilgan.
Bugungi o‘quvchi orasida ertangi ustoz bor. Uning pedagogikaga qiziqishini maktab davridayoq qo‘llab-quvvatlash ta’lim tizimi uchun kelgusi kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu ma’noda, ta’limning barcha bo‘g‘inlaridagi ilg‘or pedagoglar uchun Abdulla Avloniy nomidagi alohida davlat mukofotini ta’sis etish taklifi ustoz mehnatiga yuksak e’tiborning yana bir ifodasidir.

Eng muhimi, bu jarayonlarning markazida bola turibdi. Uning qiziqishini anglashi, qobiliyatini namoyon etishi, bilim olishi, kasb tanlashi va mustaqil hayotga tayyorgarlik ko‘rishi uchun ta’limning har bir bosqichida yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Zero, Prezident ta’kidlaganidek, “Ustozni e’zozlash bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini e’zozlash deganidir”. Bu fikr ta’limdagi bugungi islohotlarning mazmunini ham ifodalaydi. Chunki maktabda yaratilgan har bir sharoit, berilgan har bir bilim, qo‘llab-quvvatlangan har bir qobiliyat ertangi jamiyatning inson kapitalini boyitadi.
Shu bois ta’limdagi yangilanishlarning asl qiymati faqat qurilgan bino yoki erishilgan raqamlarda emas. Ularning haqiqiy mazmuni har bir bolaga o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, o‘z yo‘lini topish va jamiyatda munosib o‘rin egallash imkonini berishdadir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri