Kattaqo‘rg‘onda noqonuniy diniy ta’lim berganlar sudlandi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudi tomonidan shahardagi Bahoriston mahallasida diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzganlik bilan bog‘liq ikkita jinoyat ishi sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi.
Ish hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchilar maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan holda va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz voyaga yetmaganlarga diniy ta’limotdan saboq berib kelgan.
Xususan, ulardan biri Telegram messenjerida guruh tashkil etib, boshqa viloyatda yashovchi voyaga yetmagan bolaga onlayn tarzda, oylik to‘lov evaziga diniy ta’lim bergan. Holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida aniqlangan.
Sud majlisida sudlanuvchilar ayblariga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishlaridan pushaymon ekanliklarini bildirdi. Sud ularning shaxsini, aybiga iqrorligini va jinoyatning ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kirishini hamda mahalla faollari kafilligini inobatga olib, sudlanuvchilarning biriga axloq tuzatish ishlari jazosi, ikkinchisiga esa jarima jazosi tayinladi.
Majlis yakunida Kattaqo‘rg‘on shahar sudi raisi O‘.Mamadaliyev mamlakatimiz qonunchiligiga ko‘ra, diniy ta’lim faqat belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan diniy ta’lim muassasalarida, maxsus diniy ma’lumotga ega mutaxassislar tomonidan berilishi mumkinligini ta’kidladi. Ushbu tartibni buzish, ayniqsa, voyaga yetmaganlarni bunday mashg‘ulotlarga jalb etish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
– Qonunchilikka ko‘ra, diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik, odatda, shaxsga shunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yuzaga keladi, – dedi O‘.Mamadaliyev. – Biroq ushbu harakatlar voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan taqdirda, Jinoyat kodeksining 229²-moddasi 2-qismiga asosan jinoiy javobgarlik ma’muriy preyuditsiyasiz, ya’ni birinchi holatning o‘zidayoq kelib chiqadi. Bu mamlakatimizda bolalar va yoshlarni g‘arazli g‘oyalar ta’siridan muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi. Norasmiy, xususan, internet orqali o‘tkaziladigan «darslar»da bolalarga kimlar va qanday mazmunda ta’lim berayotganini nazorat qilib bo‘lmaydi. Bu esa yoshlarni g‘arazli g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfiga duchor qiladi. Shu bois ota-onalar farzandlarining diniy bilim olishini faqat rasmiy, ruxsatnomaga ega muassasalar orqali tashkil etishlari, bolalarning internetdagi faoliyatiga e’tiborli bo‘lishlari maqsadga muvofiq.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri