Ilk bor Katta Langar Qurʼonini 1997-yil yili Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Katta Langar qishlogʻida koʻrgan edik.
Ilk bor Katta Langar Qurʼonini 1997-yil yili Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Katta Langar qishlogʻida koʻrgan edik. Oʻsha paytda u Katta Langar qishlogʻida Langar ota ziyoratgohida saqlanardi.
1997-yili yozda Xalqaro Amir Temur jamgʻarmasining oʻsha vaqtdagi raisi akademik Boʻriboy Ahmedov (1924–2002) oldiga biz – qoʻlyozmalar boʻyicha mutaxassislar borib, Qashqadaryo vohasiga paleografik (qoʻlyozma manbalarni izlash va oʻrganish) ekspeditsiyasiga chiqish istagimizni buning uchun fond bizlarga yordam berishi imkoniyatini bilmoqchi boʻldik. Shunda domla B.Ahmedov ilmiy safarmiz qoʻllab-quvvatladilar va bunga Amir Temur jamgʻarmasi yordam koʻrsatajigini maʼlum qildilar.

Avgust oyida Qashqadaryoga qarab yoʻlga chiqdik. Guruhimizda mendan tashqari hozirda tarix fanlari doktori Shodmon Vohidov, filologiya fanlari doktorlari Qosimjon Sodiqov va Qudrat Omonovlar bor edi. Bizning aynan Qashqadaryo vohasini ilmiy safar uchun tanlaganimiz bejiz emasdi. Shodmon Vohidovning volidasi aytgan maʼlumot shu yoʻnalishni tanlashimizda sabablardan biri edi. Unga koʻra Qashqadaryoda bir gʻor bor ekan, unda bir toʻn kiygan inson qoʻlidan Qurʼonni qoʻymay, quchoqlab turar ekan, degan afsonaviy gap bor ekan.
Shahrisabzga borib, oʻsha paytdagi shahar hokimi Azim Zayniddinov bilan uchrashdik. Oʻz oʻlkasi tarixini oʻta qadrlovchi bu inson bizlarni hokimiyat dachasiga joylashtirdi. Oʻziga ajratilgan mashinani bizlarning ilmiy izlanishlarimiz davomida Qashqadaryo boʻylab olib yurishi uchun berib qoʻydi. Qalbi goʻzal inson boʻlmish Azim aka yordami bilan Qashqadaryoning turli tarixiy joylariga borish imkoniyatiga paydo boʻldi. Ziyoratgohlar, turli muqaddasi joylar, jumladan, Temuriylar davri yozuvlar bor qabrtoshlar bilan tanishdik.

Ammo mahalliy aholi qoʻlidagi qoʻlyozmalar bilan tanishish oson boʻlmadi. Sababi yaxshi maʼlum: sovet tuzumi davrida xalq qoʻlidagi qoʻlyozmalar ateistik kurash doirasida yoʻqotilgan. Uyidan qoʻlyozma chiqqan odamlar taʼqib ostiga olingan. Oradan vaqt oʻtgan boʻlsa-da, oʻsha davr qoʻrquvi hali insonlar xotirasida saqlanib qolgandi.
Biz aholi ishonchini qozonish yoʻlidan bordik: Shahrisabz mahalliy televideniyesidan chiqib, olim ekanligimiz, aholi qoʻlida mavjud qoʻlyozma manbalarni oʻrganish niyatimiz borligini bildirdik. Ertasigayoq biz bilan Joʻraxon aka Asomov ismli injener uchrashib, qaynotasi – Fayzulloxoʻja Ravnaqiy (1892–1978)ning qoʻlyozmalardan iborat kutubxonasi mavjudligi va u bilan bizni tanishtirishini maʼlum qildi.
Biz Shahrisabzdagi Ravnaqiy yashagan uyga bordik va uning kutubxonasidagi qoʻlyozmalar hamda nevarasi Lutfillaxon bilan tanishdik. Ilmiy ahamiyatga ega maʼlumotlar toʻpladik. Lekin Joʻraxon Asomov bilan boʻlgan tanishuvimizning eng katta natija – Katta Langar qishlogʻidagiXV asrda barpo etilgan Langar ota ziyoratgohida saqlanuvchi qadimiy Qurʼon haqidagi maʼlumotlar edi.
Joʻraxon Asomov bizni mana shu Qurʼon nusxasini oʻsha qishloqqa olib borib koʻrsatadigan boʻldi. 1997-yil 10-avgust kuni yoʻlga chiqib, nihoyat Katta Langarga yetib bordik. Qishloqdagi Katta Langar ziyoratgoh kiraverishida yozuvlarga ega qadimiy qabrtoshlar mavjud. Biz uchun eng muhimi Qurʼonning qadimiy nusxasini koʻrish edi. Katta Langar Qurʼoni Ziyoratgoh ichidagi yogʻoch sandiqda saqlanar ekan. Katta Langar masjidi imomi u bilan bizni tanishtirdi. Qurʼonning juda qadimiyligi yaqqol koʻrinib turardi. Sababi u teriga yozilgandi. Shaxsan men faqat ilmiy kitoblardagi maʼlumotlar orqaligina kiyik terisiga yozilgan qoʻlyozmalar borligini bilardim. Hozir esa umrimizda birinchi marta qoʻlimizda teriga yozilgan qoʻlyozma, yana eng muqaddas kitob – Qurʼonning dunyodagi eng qadimgi nusxalaridan birini ushlab turardik. Qoʻlyozmashunos olim uchun bu baxtli onlar edi.

Ilmiy safar munosabati bilan 1997-yili oʻsha vaqtda Katta Langar ziyoratgohida saqlangan Katta Langar Qurʼoni bilan uning asrlar davomidagi saqlanish joyida tanishgan edik. Toshkentga qaytgach bu qoʻlyozma haqida qurʼonshunos olimlar professorlar fransiyalik Fransua Derosh va rossiyalik Yefim Rezvanlarga maʼlum qildik. Ular Katta Langar Qurʼoni boʻyicha ilmiy izlanishlarni boshlab yubordilar. Yefim Rezvan ayni Qurʼon haqida 2004-yili kitob nashr qildi.
Taʼkidlash oʻrinliki, “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” loyihasi doirasida mazkur manba yana-da keng tadqiq etildi. Yurtimizda va xorijda loyiha doirasida oʻtkazilgan yirik anjumanlarda bu qutlugʻ qoʻlyozma haqida qator qimmatli maʼlumotlar toʻplandi. “Katta Langar Qurʼoni”ning faksimil nusxalari chop qilinib, ilmiy muassasalarga yetkazildi.
Aftondil Erkinov,
Filologiya fanlari doktori,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistonga
oid madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi yetakchi ilmiy xodimi