Kasbiy ta’lim tizimida texnikumlar xalqaro maydonga chiqmoqda
Mamlakatimizda kasbiy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, uni zamonaviy mehnat bozori talablari hamda xalqaro standartlarga moslashtirish ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Ayniqsa, texnikumlar faoliyatini takomillashtirish, o‘quvchilarga amaliy ko‘nikmalar berish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish va xorijiy hamkorlikni kengaytirish orqali tizim mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Bugungi kunda amalga oshirilayotgan tashabbuslar jumladan, umummilliy so‘rovnomalar, zamonaviy o‘quv markazlari tashkil etilishi, IT ta’limining kengayishi, “yashil texnikumlar” loyihasi hamda xalqaro ta’lim dasturlarining yo‘lga qo‘yilishi kasbiy ta’lim tizimining sifat jihatdan o‘zgarayotganini yaqqol namoyon etadi.

Texnikumlarda ilk bor o‘tkazilayotgan umummilliy so‘rovnoma kasbiy ta’lim tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. 214 ta ta’lim muassasasidan 93 mingdan ortiq o‘quvchi va 8 mingdan ziyod pedagogning ishtiroki ushbu jarayonning keng qamrovli ekanini ko‘rsatadi. Mazkur so‘rovnoma orqali ta’lim sifati, mavjud muammolar va takliflar tizimli ravishda o‘rganilib, kelgusida dalillarga asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkoniyati kengayadi. Bu esa ta’lim jarayonini real ehtiyojlarga moslashtirishga xizmat qiladi.

Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi 1-son texnikum misolida zamonaviy kasbiy ta’lim modelining amaliy ko‘rinishini kuzatish mumkin. Bu yerda “STARTAP BACYe” logistika markazi, sun’iy intellekt va robototexnika yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, xorijiy tillar, dron operatorligi, quyosh panellari bilan ishlash kabi istiqbolli kasblar o‘rgatilayotgani yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Harbiy xizmatchilar uchun tashkil etilgan maxsus o‘quv dasturlari esa texnikumlarning ijtimoiy rolini kengaytirayotganini ko‘rishimiz mumkin. Navoiy viloyatidagi texnikumlar faoliyatining o‘rganilishi ta’lim sifati, moddiy-texnik baza va o‘quv jarayonining samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilayotganini ko‘rsatadi. Dual ta’limni kengaytirish, o‘quvchilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va mavjud muammolarni joyida hal etish orqali kasbiy ta’lim tizimining samaradorligi oshirilmoqda. Bu esa bitiruvchilarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Texnikum o‘quvchilari uchun IT sohasini bepul o‘rganish imkoniyatining yaratilishi raqamli iqtisodiyot sharoitida muhim ahamiyatga ega. Toshkent shahridagi “School 21” platformasi orqali o‘quvchilar masofaviy tarzda bilim olish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bu tashabbus nafaqat ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytiradi, balki yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirib, ularning global mehnat bozoriga chiqishiga zamin yaratadi.
Ekologik muammolar global darajada dolzarb bo‘lib borayotgan bir paytda, O‘zbekistonda “yashil texnikumlar”ni tashkil etish tashabbusi strategik ahamiyatga ega. Ushbu loyihalar ekologik ta’limni rivojlantirish, iqlim texnologiyalarini joriy etish va barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi mutaxassislarni tayyorlashni maqsad qiladi. “Green University” tizimi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ushbu loyiha yaqin yillarda minglab malakali mutaxassislarni tayyorlash imkonini beradi.

Texnikum o‘quvchilari uchun Janubiy Koreya bilan yo‘lga qo‘yilayotgan “2+2” ta’lim dasturi xalqaro hamkorlikning amaliy natijasidir. Ushbu dastur orqali o‘quvchilar ikki yil O‘zbekistonda, ikki yil xorijda tahsil olib, xalqaro darajadagi diplomga ega bo‘lishadi. Bundan tashqari, xorijiy stajirovkalar va qo‘shma ta’lim dasturlarining yo‘lga qo‘yilishi yoshlarning bilim darajasi va kasbiy malakasini oshirishga xizmat qiladi.
Qashqadaryoda o‘tkazilgan forum doirasida texnikumlar va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. 37 ta korxona va 41 ta texnikum o‘rtasidagi shartnomalar, yuzlab bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi dual ta’lim tizimining samaradorligini ko‘rsatadi. Bu model orqali o‘quvchilar nazariy bilim bilan birga, real ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etib, amaliy tajriba orttiradi.
Ushbu islohot va tashabbuslar O‘zbekistonda texnikumlar tizimi jadal rivojlanayotgani, zamonaviy, innovatsion va xalqaro talablarga moslashayotganini ko‘rsatadi. Ochiqlik va tahlilga asoslangan boshqaruv, raqamli va ekologik ta’lim, dual tizim hamda xalqaro hamkorliklar kasbiy ta’limni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Natijada, texnikum bitiruvchilari nafaqat ichki mehnat bozorida, balki xalqaro maydonda ham raqobatbardosh, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar sifatida shakllanmoqda. Bu esa mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi va barqaror kelajagini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA