Kasb — imkoniyat, bilim — kelajak
Andijon viloyatida xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularning bandligini ta’minlash va iqtisodiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada kasbiy ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan qisqa muddatli o‘quv kurslari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Andijon shahar 6-son texnikumida ham ta’lim jarayonini mehnat bozori talablariga moslashtirish, yoshlar va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish borasida muayyan ishlar amalga oshirilyapti.
Ayni paytda mazkur ta’lim muassasasida 632 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga 75 nafar pedagog xodim ta’lim bermoqda. Texnikumda elektromontyorlik, payvandchilik, IT dasturlash, raqamli axborotlarni qayta ishlash, oshpazlik, moda va tikuv ishlab chiqarish texnologiyasi, zargarlik, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, elektrobus va elektromobillar servisi kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanadi.
Muassasada asosiy ta’lim yo‘nalishlari bilan bir qatorda, qisqa muddatli kasbga tayyorlash kurslari ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlari ishsiz va band bo‘lmagan xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish, ularning daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashishga qaratilgan.
E’tiborlisi, xotin-qizlar bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan ajratilgan vaucher asosida ushbu kurslarda bepul tahsil olish imkoniyatiga ega. Mashg‘ulotlar malakali mutaxassislar tomonidan olib borilib, tinglovchilarga nazariy bilim berish bilan birga, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qisqa muddatli kasbiy tayyorlov kurslari o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Joriy yilning uchinchi choragi yakuniga qadar mazkur kurslarda 400 nafarga yaqin xotin-qiz kasbiy tayyorgarlikdan o‘tib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi. Ularning 170 nafardan ortig‘i ish bilan ta’minlanib, mehnat faoliyatini boshladi.
Mazkur ko‘rsatkichlar qisqa muddatli kasbiy ta’lim kurslari xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi va iqtisodiy faolligini oshirishda muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi.
[gallery-32259]
Zero, kasb egallagan xotin-qiz nafaqat mustaqil daromad manbaiga ega bo‘ladi, balki o‘z mehnati bilan oilasi farovonligiga ham munosib hissa qo‘shadi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA