Andarxonda qovunchilikning qadimiy an’analari namoyish etildi
Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi Andarxon qishlog‘ida an’anaviy xalqaro «Qovun sayli» bayrami bo‘lib o‘tdi. Milliy qadriyatlar va dehqonchilik an’analarini o‘zida mujassam etgan tadbirda qovunning sara navlari namoyish etilib, polizchilikka oid qadimiy urf-odatlar targ‘ib qilindi.
Bayram doirasida qovun va boshqa poliz mahsulotlari, milliy taomlar ko‘rgazmalari tashkil etildi. Mehmonlar qovun yetishtiruvchi xo‘jaliklar faoliyati, hosilni yig‘ib olish va uzoq muddat saqlashning o‘ziga xos usullari bilan tanishdi.
Ayniqsa, Andarxonda avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qovun saqlash an’anasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Qishloq aholisining aksariyati qovunchilik va yetishtirilgan hosilni saqlash bilan shug‘ullanadi. Mahalliy dehqonlar erta bahorda Jizzax viloyatiga borib, qovun yetishtiradi. Pishib yetilgan hosil esa Andarxonga keltirilib, maxsus omborxonalarga joylashtiriladi.
Qovunlar an’anaviy usulda, mahalliy aholi «qovg‘a» deb ataydigan maxsus o‘simlik yordamida bog‘lanib, omborxonalarga osib qo‘yiladi. Ulardagi maxsus tuynuklar orqali havo aylanishi ta’minlanadi. Mazkur usul hamda hududning o‘ziga xos tabiiy-iqlim sharoiti tufayli kuzda saqlashga qo‘yilgan qovunlar kelgusi yilning may oyigacha o‘z sifati va ta’mini saqlab qolishi mumkin.
Bayram doirasida o‘tkazilgan «Qovun bog‘lash» musobaqasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda mohir dehqonlar qovunlarni uzoq muddat saqlashga tayyorlash bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdi. Shuningdek, tajribali polizkorlar ishtirokida mahorat darslari tashkil qilinib, qovun yetishtirish va saqlash sirlari haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda Farg‘ona vodiysi viloyatlaridan tashrif buyurgan mehmonlar, mahalliy aholi, polizkorlar hamda xorijiy mehmonlar ishtirok etdi. Bayramda Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov va Beshariq tumani hokimi Ilyosbek Novikov ham qatnashdi.
Sayl davomida milliy kuy-qo‘shiqlar, folklor jamoalarining chiqishlari va madaniy dasturlar namoyish etildi. Mehmonlar milliy taomlardan bahramand bo‘lib, hududning o‘ziga xos dehqonchilik an’analari bilan yaqindan tanishdi.
«Qovun bog‘lash» musobaqasi g‘oliblari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
[gallery-32293]
Mazkur bayram xalqimizning asrlar davomida shakllangan dehqonchilik tajribasini asrab-avaylash, milliy an’analarni keng targ‘ib etish hamda ularni kelgusi avlodlarga yetkazishga xizmat qilmoqda.
Muqimjon QODIROV(surat), O‘zA