Kasb-hunarli yoshlar — Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari
Mamlakatimizda yoshlarning kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash hamda ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada kasbiy mahorat tanlovlari yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini namoyon etishi, zamonaviy kasblarni puxta egallashi uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-apreldagi “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan mazkur tanlovning Urgut tuman bosqichining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va jamiyatda munosib o‘rin topishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. “Yoshlar daftari” tizimi, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, monomarkazlar va texnikumlar faoliyati yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Kasbiy mahorat milliy tanlovida Urgut tumanidagi 116 ta mahalladan 18–30 yoshdagi 2144 nafar yosh ishtirok etmoqda. Yoshlar o‘nga yaqin kasbiy yo‘nalish bo‘yicha o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazadi. Ular orasida payvandlash texnologiyasi, santexnika, elektromontaj, oshpazlik, kompyuter grafikasi va dizayn hamda boshqa muhim sohalar mavjud.

Qayd etilishicha, tanlov yoshlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini namoyish etish bilan birga, tajriba almashish, innovatsion g‘oyalar bilan tanishish va malakali mutaxassis sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.
Tadbir davomida kasb-hunarli yoshlar mamlakat taraqqiyotining muhim tayanchi ekani, ularning bilim va mehnati iqtisodiyotning turli tarmoqlarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.
Sherbek Islomov