Kartoshkachilikda islohotlar shiddatini hisobotlar emas, balki daladagi real natija belgilaydi
Qaror va ijro
Xalqimiz tilida “ikkinchi non” deb ulug‘lanuvchi kartoshka – shunchaki ro‘zg‘or mahsuloti emas. U ijtimoiy barqarorlik va milliy oziq-ovqat xavfsizligining eng asosiy, strategik ustunlaridan biridir. Shu bois, mamlakatimizda ushbu sohani isloh qilish, hosildorlikni oshirish va importga qaramlikka barham berish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Jumladan, so‘nggi yillarda sohani rivojlantirish yo‘lida ko‘plab harakatlar amalga oshirildi. Prezidentimizning “Respublikada kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori soha istiqbolini belgilab bergan muhim dasturilamal hujjat bo‘ldi. Mazkur hujjat bilan 2030-yilga borib hosildorlikni gektaridan hozirgi 16–17 tonnadan 25–30 tonnagacha oshirish, 2028-yildan boshlab esa yiliga kamida 10 million dona mahalliy mini-tuganaklar yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yilgan.

Bundan tashqari, tijorat banklari orqali kartoshka yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 12 foizli imtiyozli kreditlar ajratilishi, quyosh panellari o‘rnatish xarajatlarining yarmi byudjetdan qoplab berilishi tizimi dehqon uchun haqiqiy suyanch bo‘ldi. Natijada kartoshka ekiladigan maydonlar kengayib, an’anaviy hududlardan tashqari Toshkent, Jizzax, Namangan viloyatlarining tog‘oldi tumanlariga ham kirib bordi.
Shu bilan birga, kartoshka yetishtiruvchilarga sug‘orish tadbirlari uchun o‘z balansidagi nasos agregatlari sarflaydigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizi davlat byudjetidan qoplab berilmoqda. 2030-yil 1-yanvarga qadar kartoshka yetishtiruvchilarga o‘z ehtiyojlari uchun xorijdan olib kelinadigan kartoshka ekish va yig‘ishtirish uchun mo‘ljallangan texnikalar bojxona bojidan ozod qilindi.
Ma’lumki, kartoshkachilikda yuqori hosildorlikka erishish va dehqon mehnatining samaradorligini ta’minlash bevosita sifatli urug‘ bazasini yaratish bilan bog‘liq. Shu bois, “in-vitro” laboratoriyalarida virusdan xoli mini-tuganaklar yetishtirish, almashlab ekish va agrotexnik tadbirlarni davriy monitoring qilish, shuningdek, 2026-yildan boshlab majburiy tartibda ekinboplik xulosasi va raqamli QR-kodli yorliqqa ega bo‘lmagan urug‘larni ekishni taqiqlash kabi qat’iy nazorat tizimining joriy etilishi sohada ijobiy samara bermoqda.
Sababi, ilmiy asoslangan bunday yondashuv va davlat nazorati nafaqat mahalliy urug‘ning nav tozaligini kafolatlaydi, balki dehqonlarimizni sifatsiz mahsulot tufayli yuzaga keladigan xavf-xatarlardan himoya qilib, milliy kartoshkachilik sektorini mutlaqo yangi, yuqori texnologiyali bosqichga olib chiqadi.
Sohada amalga oshirilayotgan mana shunday keng ko‘lamli islohotlar, moliyaviy rag‘batlar va urug‘chilikni rivojlantirish yo‘lidagi yutuqlarga qaramay, sohaning to‘liq salohiyatini yuzaga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim tizimli kamchiliklar hamon saqlanib qolmoqda. Xususan, yuqorida belgilangan maqsadlar va zamonaviy talablar quyi bo‘g‘indagi ijro mas’ullarining eskicha ish uslubi sabab, barcha hududlarda ham kutilgan natijani bermayapti.
Shu bilan birga, o‘zgarib borayotgan iqlim sharoitiga moslashish va aholining kundalik ehtiyojlarini to‘liq qondirish nuqtai nazaridan qaraganda, kartoshkachilik sektorida hali o‘z yechimini kutayotgan og‘riqli masalalar va infratuzilmaviy to‘siqlar soha rivojini yanada jadallashtirish uchun kompleks yondashuvni taqozo etmoqda.
Eng birinchi zaif nuqtalarimizdan biri bu – hamon Rossiya, Niderlandiya va Germaniya kabi davlatlarning urug‘lik mahsulotlariga qaram bo‘lib qolayotganimiz. To‘g‘ri, yuqorida aytib o‘tganimdek, elita urug‘larni mahalliylashtirish bo‘yicha laboratoriyalar tashkil etildi. Ammo ularning amaliy quvvati umumiy ehtiyojning juda kichik foizini qoplaydi, xolos.
Ayrim mahalliy ijro hokimiyati va soha mutasaddilarining beparvoligi sabab laboratoriyalarni sanoat darajasiga olib chiqish, mahalliy urug‘chilikni rivojlantirish ishlari faqat taqdimotlarda qolib ketmoqda. Oqibatda oddiy dehqon bozordan hech qanday sertifikati bo‘lmagan, sifatsiz urug‘ni sotib olishga majbur. Bu mahsulotni ekish esa tayyor yo‘qotish demakdir, hosildorlik 30-40 foizgacha pasayib ketmoqda.
Qolaversa, kartoshka namlik va mo‘’tadil haroratni xush ko‘ruvchi ekin. Global isish davrida yozda havo haroratining keskin ko‘tarilishi ekin rivojlanishini to‘xtatadi. Bunday sharoitda suv resurslaridan oqilona foydalanish hayot-mamot masalasiga aylanishi kerak. Afsuski, sug‘orish tizimlarining eskirganligi va suv isrofgarchiligi hamon davom etmoqda. Idoralar hisobotlarida ko‘rsatiladigan suv tejovchi texnologiyalarning aksariyati dalada emas, qog‘ozda ishlayapti.
Yana bir tizimli inqiroz mahsulotni saqlash zanjirida yaqqol ko‘rinadi. Yurtimizda yig‘ilgan bahorgi va kuzgi hosilni saqlash uchun zamonaviy sovutkichli omborxonalar sig‘imi yetarli emas. Hosilni daladan iste’molchiga yetkazguncha bo‘lgan jarayondagi isrofgarchilik ba’zi yillarda 20-25 foizni tashkil etmoqda. Bu dehqon mehnati va mablag‘i havoga sovurilyapti degani.
Omborlar yetishmagach, dehqon hosilini kuzda arzonga sotishga majbur bo‘ladi. Qish va bahorga borib esa bozorlarimizda sun’iy taqchillik yuzaga keladi, narxlar osmonga ko‘tariladi. Bundan esa faqat vositachilar va importyorlar foyda ko‘radi, dehqon va oddiy xalq esa ziyon ko‘raveradi. Mahalliy hokimliklar esa ushbu logistika zanjirini tashkil etishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ymoqda.
Har yili mavsum yakunida aholi ehtiyojlariga yetarli bo‘lgan 4 million tonna hosil yetishtirilgani haqida gapiramiz, lekin qish va bahor oylarida bozorlarimizni Pokiston, Qozog‘iston va Eron kartoshkasi egallab oladi. Narxlar esa aholi hamyoniga og‘irlik qiladigan darajada ko‘tariladi. Bu holat tizimda uzilish borligidan, nazorat va ijro mexanizmi oqsayotganidan dalolat beradi.
Qishloq xo‘jaligi sohasi vakili sifatida vaziyatni sog‘lomlashtirish uchun quyidagi tashabbuslarni amalga oshirish zarur deb hisoblayman. Jumladan, xorij urug‘iga qaramlikka chek qo‘yish maqsadida mahalliy laboratoriyalarni shunchaki “ilmiy markaz” emas, yirik hajmda sifatli urug‘ yetkazib beruvchi fabrikalarga aylantirish, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga davlat ichki bozor barqarorligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun yetishtirilgan kartoshka mahsulotini oldindan belgilangan kafolatlangan narxlarda sotib olishiga oid normani kiritish kerak.
Shuningdek, har bir kartoshkaga ixtisoslashgan tumanda davlat-xususiy sheriklik asosida yirik sovutkichli omborlar tarmog‘ini qurish zarur. Dehqon mahsulotini ushbu omborga topshirib, u yerdan mahsulot qiymatining bir qismini oldindan pul (bo‘nak) ko‘rinishida olish tizimini yo‘lga qo‘yish kerak. Bu orqali vositachilarning bozorni monopoliya qilib olishiga barham beriladi hamda dehqonning o‘z mahsulotini vaqtida kafolatli sotishiga, bozorlarda narxlar sun’iy ko‘tarilishining oldini olishga erishiladi.
Xulosa qilib aytganda, kartoshkachilikda islohotlar shiddatini hisobotlar emas, balki daladagi real natija belgilaydi. Yurtimizda ushbu istiqbolli sohani oyoqqa turg‘izish uchun yetarlicha siyosiy iroda va zarur imtiyozlar yaratib berilgan. Endigi vazifa quyi bo‘g‘indagi ijrochilar va mas’ullarning mas’uliyatsizligiga chek qo‘yib, ilm bilan dalani, dehqon bilan bozorni bog‘lovchi zanjirni mahkamlashdan iborat. Zero, islohotlar qog‘ozda emas, dalada o‘z mevasini bergandagina ko‘zlangan natijaga erishiladi, xalqimiz dasturxoni to‘kin, ro‘zg‘orimiz esa barakali bo‘ladi.
Dilrabo XOLBOEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xo‘jaligi
masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.
O‘zA