O‘zbekistonda pul massasi yarim yilda 46,5 trillion so‘mga oshdi
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyotida pul taklifi barqaror o‘sishni davom ettirdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1-iyul holatiga keng ma’nodagi pul massasi (M2) 425,1 trillion so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 46,5 trillion so‘m yoki 12,3 foizga ko‘paydi.
Mutaxassislar fikricha, pul massasining o‘sishi iqtisodiy faollik, bank tizimidagi depozitlar hajmining kengayishi va kreditlash jarayonlarining faollashganini anglatadi. Biroq, mazkur jarayon inflyatsiya bosimini yuzaga keltirmasligi uchun pul-kredit siyosati muvozanatli yuritilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Hisobotdagi eng muhim tendensiyalardan biri milliy valyutadagi pul massasining yuqori sur’atlarda o‘sganidir. Yarim yil mobaynida ushbu ko‘rsatkich 44,9 trillion so‘mga yoki 14,5 foizga oshib, 353,9 trillion so‘mga yetdi. Natijada milliy valyutadagi mablag‘lar keng ma’nodagi pul massasining 83,3 foizini tashkil qildi.
Bu aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining so‘mga bo‘lgan ishonchi ortayotganini hamda milliy valyutada jamg‘arma saqlashga qiziqish kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Tor ma’nodagi pul massasi (M1), ya’ni muomaladagi naqd pullar va talab qilib olinguncha depozitlar hajmi ham ijobiy dinamikani namoyon qildi. Yil boshidan mazkur ko‘rsatkich 15,7 trillion so‘mga yoki 10,8 foizga oshib, 160,4 trillion so‘mga yetdi. Fevral oyida mavsumiy omillar ta’sirida qisqa muddatli pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, keyingi oylarda o‘sish sur’atlari qayta tiklandi.
Muomaladagi naqd pullar (M0) hajmi 6,8 trillion so‘mga yoki 9,9 foizga oshib, 75,3 trillion so‘mni tashkil qildi. Ushbu ko‘rsatkichning umumiy pul massasiga nisbatan pastroq sur’atlarda o‘sishi mamlakatda naqdsiz hisob-kitoblar, elektron to‘lovlar va bank kartalari orqali amalga oshirilayotgan operatsiyalar ulushi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Hisobotda eng yuqori o‘sish milliy valyutadagi muddatli depozitlarda qayd etildi. Ular yarim yilda 29,2 trillion so‘mga yoki 17,8 foizga ko‘payib, 193,5 trillion so‘mga yetdi. Ayniqsa, fevral oyida boshqa pul agregatlarida pasayish kuzatilgan bir vaqtda muddatli depozitlarning o‘sishi aholi va biznes sub’ektlari o‘z mablag‘larini uzoqroq muddatga banklarga joylashtirishni ma’qul ko‘rayotganini ko‘rsatadi. Bu esa bank tizimi resurs bazasining mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, milliy valyutadagi talab qilib olinguncha depozitlar ham 11,6 foizga o‘sib, 85,2 trillion so‘mga yetdi.
Chet el valyutasidagi depozitlar esa yil boshidan 1,7 trillion so‘mga yoki 2,4 foizga oshib, 71,2 trillion so‘mni tashkil qildi. Ularning o‘sish sur’ati milliy valyutadagi depozitlarga nisbatan qariyb olti baravar past bo‘lgani aholi va tadbirkorlarning mablag‘larini so‘mda saqlashga bo‘lgan qiziqishi kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Pul massasining o‘sishi, birinchi navbatda, iqtisodiyotda tovar va xizmatlar aylanmasining kengayishi, bank tizimi orqali moliyaviy resurslarning ko‘payishi hamda iqtisodiy faollikning saqlanayotganini anglatadi. Shu bilan birga, milliy valyutadagi depozitlarning yuqori sur’atlarda o‘sishi Markaziy bank tomonidan olib borilayotgan qat’iy pul-kredit siyosati, yuqori foiz stavkalari va aholining milliy valyutaga nisbatan ishonchi mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Naqd pullar o‘sishining nisbatan past bo‘lishi esa raqamli iqtisodiyot, onlayn to‘lovlar va bank xizmatlarining ommalashib borayotgani bilan izohlanadi. Bu iqtisodiyotning shaffofligi oshishi va naqd pul aylanmasining qisqarishiga xizmat qiladi.
Biroq pul massasining 12,3 foizga o‘sishi kelgusida inflyatsiyaga bosimni kuchaytirmasligi uchun iqtisodiyotda tovar va xizmatlar taklifining ham mutanosib ravishda ortishi muhim hisoblanadi. Aks holda iqtisodiyotda ortiqcha likvidlik inflyatsion bosimni kuchaytirishi mumkin.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA