Jurnalistlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida Samarqandda soha vakillari uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi va O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan ko‘rikda jurnalist va blogerlar, axborot xizmatlari xodimlari qatnashdi.
– Hamkasblarimizning barchasi ham ishdan ortib yoki hafsala qilib poliklinikalarga borgan holda tibbiy ko‘rikdan o‘tavermaydi, – deydi Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari Eldor Muhammadiyev. – Shuning uchun kasb bayramimiz arafasida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali maslahat poliklinikasida ular uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik uyushtirdik. Bu yerda mazkur muassasa tibbiy xodimlari bilan birga boshqa tibbiy markaz va poliklinikalardan kelgan o‘ndan ortiq tor soha mutaxassislari ommaviy axborot vositalari xodimlarini chuqurlashtirilgan ko‘rikdan o‘tkazib, zarur maslahat va tavsiyalar berdi.
Ko‘rikka kelgan har bir ijodkor elektron tartibda ro‘yxatga olinib, tibbiy ko‘rik, laboratoriya tekshiruvlari natijalari DMED tizimiga kiritildi.
[photobank-30097]
Kasb bayrami arafasida jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan hokimliklar va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida turli sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar ham tashkil etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari