Jizzaxlik o‘qituvchilar Xitoyda tajriba almashmoqda
Jizzax viloyati pedagoglaridan iborat delegatsiya Xitoyning Sian shahrida malaka oshirmoqda. Ilg‘or ta’lim texnologiyalari, sun’iy intellekt va STEAM yondashuvlarini o‘zlashtirishga qaratilgan mazkur dastur o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Jizzax viloyati o‘qituvchi-pedagoglaridan iborat delegatsiya ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida bo‘lib turibdi. Ularning xizmat safari doirasida “Shaanxi Energy Institute” ta’lim muassasasida malaka oshirish dasturi tashkil etilgan.

Dasturning ochilish marosimida Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Shohida Damanova so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ta’lim sohasida izchil rivojlanayotgan hamkorlik munosabatlari pedagoglar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bu kabi xalqaro dasturlar o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini yuksaltirish, ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy tajribalarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Malaka oshirish dasturining dastlabki mashg‘ulotlari tajriba almashish, innovatsion yondashuvlarni o‘rganish hamda pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga bag‘ishlandi. Ayniqsa, “Sun’iy intellekt texnologiyalarining umumiy ko‘rinishi va uning ta’lim sohasidagi imkoniyatlari. STEAM ta’limi” mavzusida o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Bugungi kunda dunyo ta’lim tizimi raqamlashtirish va intellektual texnologiyalarni joriy etish bosqichini boshdan kechirayotgan bir paytda mazkur yo‘nalishdagi bilim va ko‘nikmalar pedagoglar uchun muhim omilga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, xitoylik mutaxassislar bilan muloqot va tajriba almashish o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini yanada boyitishga xizmat qiladi.
Delegatsiya a’zolari shuningdek, “Shaanxi Energy Institute”da zamonaviy o‘qitish texnologiyalari, raqamli pedagogika, ta’lim jarayonini boshqarishning samarali mexanizmlari hamda xalqaro baholash standartlariga bag‘ishlangan amaliy treninglarda ishtirok etmoqda.

Bu borada mamlakatimizda ham pedagog kadrlarning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-iyulda qabul qilingan “Oliy ta’lim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida pedagoglarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Mazkur tashrif ana shu vazifalar ijrosining amaliy ifodasi sifatida e’tiborga molikdir.

Mutaxassislar fikricha, bunday xalqaro ta’lim dasturlari pedagoglarning kasbiy rivojlanishi bilan birga, ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, zamonaviy metodikalarni milliy ta’lim tizimiga tatbiq etish va ta’lim sifatiga yangi sur’at bag‘ishlashga xizmat qiladi.
Shubhasiz, Jizzax vohasi o‘qituvchilarining Xitoydagi malaka oshirish dasturida ishtirok etishi ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish barobarida, mamlakatimizda raqobatbardosh va zamonaviy fikrlaydigan pedagoglar korpusini shakllantirishga munosib hissa qo‘shadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri