Jizzaxda tibbiyot tizimi tanqidiy tahlil qilindi
Prezident Administratsiyasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining mas’ul xodimlari Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Dilmurod Xudayshukurov va viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Mahmarasul Umarov hamrohligida Jizzax tibbiyot klasteri hamda G‘allaorol tumani sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatini o‘rgandi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini tahlil qilish, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini baholash va tizim oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab olishdan iborat bo‘ldi.
O‘rganishlar davomida tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi, infratuzilmasi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati hamda ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar atroflicha ko‘zdan kechirildi. Mavjud imkoniyatlar bilan bir qatorda, yechimini kutayotgan masalalar ham tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Kunning ikkinchi yarmida xususiy tibbiyot muassasalari vakillari, farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar hamda davlat tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Uchrashuvda sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, ishtirokchilarning taklif va mulohazalari tinglandi. Bildirilgan fikrlar asosida xususiy tibbiyot sektorini qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarni bartaraf etish, tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish va sohani izchil rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, viloyat sog‘liqni saqlash tizimidagi tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari hamda Respublika ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalari viloyat filiallari rahbarlari ishtirokida seminar tashkil etildi.
Seminarda Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boshqarmasining viloyat bo‘yicha hududiy bosh mutaxassisi G‘. Abdurahmonov tomonidan 2026-yil 22-iyunda qabul qilingan Qonunning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimot davomida korrupsiyaviy huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning kuchaytirilgani, komplayens tizimi xodimlarining huquq va majburiyatlari, rahbar kadrlarning shaxsiy mas’uliyatiga oid yangi talablar hamda qonunchilikka kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Seminar yakunida joriy yilning o‘tgan davrida sog‘liqni saqlash tizimida qayd etilgan huquqbuzarliklar tanqidiy tahlil qilinib, muassasa rahbarlariga korrupsiyaning oldini olish, davlat xaridlari va moliyaviy faoliyatda qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etish, shuningdek, xodimlarning korrupsiyaga qarshi huquqiy bilimi va amaliy ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.
Ta’kidlanganidek, sog‘liqni saqlash tizimida tibbiy xizmatlar sifatini yuksaltirish, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini yanada mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni qaror toptirish hamda aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri