Jizzaxda shaxmat-shashka turniri o‘tkazildi
Prezidentimizning 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6099-son "Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni ijrosini taminlash hamda sportni yanada kengroq targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi tomonidan notariuslar o‘rtasida shaxmat-shashka bo‘yicha kubogi turniri o‘tkazilib kelinmoqda.
Aytish joizki, intellektual sport turi hisoblangan shaxmat-shashka turniri notariuslar o‘rtasida oltinchi bor o‘tkazilmoqda.
Turnirning hududiy bosqichi iyun oyining 15 sanasiga qadar o‘tkazilib, erkak va ayol notariuslar orasidan shaxmat va shashka bo‘yicha kuchlilari saralab olingan edi.
Bugun Jizzax shahrida turnirning respublika bosqichida ayni shu g‘oliblar “O‘zbekiston Notarial palatasi kubogi” uchun bellashadilar.
Turnirning final bosqichini Notarial palataning Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Abdujalilov ochdi va ishtirokchilarga omad tiladi.
Shundan so‘ng erkaklar o‘rtasida shaxmat, ayollar o‘rtasida shashka bo‘yicha qur’a tashlandi va o‘yinlar boshlanib ketdi.
Oq va qora donalarda shaxmat taxtasi uzra o‘tgan murosasiz bahslarda Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Alisher Abdinazarovning qo‘li baland keldi. Jizzax shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Eldor Ortiqov 2-o‘rin, Andijon viloyati Bo‘ston tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Muqimjon Mo‘ydinov 3-o‘rinni egalladilar.
Shashka bo‘yicha ayol notariuslar ham bo‘sh kelmadilar. Hakamlar havaskor shashkachilarning g‘alabaga bo‘lgan intilishlarini yuksak baholadilar. Xorazm viloyati Xiva tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Gavharjon Oqmamatova ayollar o‘rtasida eng mohir shashkachi deb topildi.
Jizzax shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Zarnigor Xabibullayeva ikkinchi o‘rin, Termiz shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Muattar Allayarova 3-chi o‘rinlarni egalladilar.
G‘oliblarga Notarial palataning diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zA