Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Litvaning Vilnyus shahrida o‘tkazilgan 37-Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO–2026)da O‘zbekiston terma jamoasi munosib ishtirok etib, uch nafar ishtirokchi bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Quvonarlisi, ular orasida Jizzax shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Nursulton Ashiraliyev ham bor. Uning ushbu yutug‘i mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar samarasi sifatida e’tirof etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2024-yil 30-sentabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida bronza medali sohiblariga 412 million so‘m, ularni tayyorlagan ustozlarga esa 61 million 800 ming so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti berilishi belgilangan.
***
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Zomin tumanidagi Bunyodkor mahallasida keng ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Mahallaning ichki ko‘chalarida piyodalar yo‘laklari zamonaviy talablar asosida tartibga keltirilib, trotuar plitalari yotqizilmoqda. Shu bilan birga, sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash, hududning estetik qiyofasini yanada ko‘rkamlashtirish hamda aholi uchun qulay yashash muhitini shakllantirishga qaratilgan ishlar olib borilmoqda.

Erta tongdan boshlangan bunyodkorlik tadbirlari mahallada xavfsiz va zamonaviy piyodalar infratuzilmasini yaratish, aholining turmush sifati hamda hududning obod qiyofasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
***
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatida Jizzax viloyatida 27 ming 459 ta korxona va tashkilot faoliyat ko‘rsatmoqda.
Respublika bo‘yicha esa bu ko‘rsatkich 596 ming 900 tani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 40 mingtaga yoki 7,2 foizga oshgan.

Statistik ma’lumotlar viloyatda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, ishbilarmonlikni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy islohotlarni izchil amalga oshirish natijasida yangi korxona va tashkilotlar soni barqaror o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda.
***
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida G‘allaorol tumanida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda.

Ayniqsa, M-39 xalqaro avtomobil yo‘li bo‘ylab joylashgan mahallalarda tashkil etilgan umumxalq hasharlari doirasida ko‘chalar va jamoat joylari tartibga keltirilmoqda, begona o‘tlar tozalanib, yashil hududlar parvarish qilinmoqda. Shuningdek, ariq-zovurlar hamda yo‘l yoqalari obodonlashtirilmoqda.

Mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilikning hamjihatligi tufayli tumanning yanada fayzli va ko‘rkam qiyofasi shakllanmoqda.
***
Yangiobod tumani hokimining birinchi o‘rinbosari R. Abdug‘aniyev rahbarligida hududda faoliyat yuritayotgan karerlar hamda auksion savdolari orqali tadbirkorlarga berilgan qum-shag‘al konlarida joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari o‘tkazildi.

O‘rganish davomida karerlardan samarali foydalanish, ularni belgilangan tartibda ishga tushirish, qazib olish ishlarini amaldagi qonunchilik talablari asosida tashkil etish va mavjud zaxiralardan oqilona foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ob’ektlarni tezroq ishga tushirish, ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan amaliy tavsiya va topshiriqlar berildi.
Qayd etilganidek, bu kabi o‘rganishlar tabiiy resurslardan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hudud iqtisodiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri