Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Jizzax shahar bo‘linmasi tomonidan Jizzax shahridagi umumta’lim maktablari kutubxonalarini o‘rganish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Navbatdagi o‘rganishlar 2-, 8-, 14-, 16-, 18-, 19-, 21-, 22-, 25-, 27- va 31-sonli umumta’lim maktablarida amalga oshirildi.
Jarayonda kutubxonalarning mavjud sharoitlari, kitob fondi, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik darajasi hamda o‘quvchilar uchun yaratilgan mutolaa muhiti atroflicha tahlil qilindi.

Shuningdek, moddiy-texnik baza, badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlanganlik holati, mutolaa burchaklari hamda kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan ishlar ko‘zdan kechirilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 16-maydagi 186-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax politexnika institutida ta’lim grantlarini taqdim etish va qayta taqsimlash jarayonida “Ijtimoiy faollik indeksi” doirasidagi “Kitobxonlik madaniyati” yo‘nalishi bo‘yicha baholash test sinovi o‘tkazildi.

Sinov davomida talabalarga o‘zbek adabiyoti durdonalari, taniqli adiblarning hayoti va ijodiga oid 20 ta savol taqdim etildi. Har bir savol 1 ball bilan baholanib, ishtirokchilarning kitobxonlik madaniyati va adabiy bilimlari belgilangan mezonlar asosida xolis baholandi.


“Dolzarb 60 kun” tadbirlari doirasida yoz mavsumida yong‘inlarning oldini olish hamda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida Zomin tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari aholi xonadonlari, ko‘ngilochar maskanlar va tadbirkorlik sub’ektlarida nazorat-profilaktika tadbirlarini o‘tkazdi.

Tadbirlar davomida fuqarolar, ob’ekt rahbarlari va mas’ul xodimlarga yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy amal qilish, elektr va gaz jihozlaridan xavfsiz foydalanish, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalarini soz holatda saqlash hamda favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish tartibi yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.


Jizzax shahridagi Yoshlar shaharchasida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayevning Jizzax viloyati yoshlari bilan sayyor qabuli va ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida yoshlarning murojaatlari, taklif va tashabbuslari tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash, bandlik, ta’lim, tadbirkorlik, startap loyihalar hamda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan ochiq muloqot tashkil etilmoqda.Albatta, bunday muloqotlar yoshlarni o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda davlat va yoshlar o‘rtasidagi yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Uchrashuvda Jizzax politexnika instituti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova hamda institutning faol talaba-yoshlari ham ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olish maqsadida Yangiobod tumanining barcha mahallalarida keng ko‘lamli obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va sanitariya-tozalash ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Hududlarda ko‘chalar, ichki yo‘llar va jamoat joylari tartibga keltirilib, ariq-zovurlar tozalanmoqda, daraxtlar oqlanib, butalmoqda. Shuningdek, xonadonlar va ularning atroflarini obodonlashtirish, ko‘cha bo‘ylarini ozoda saqlash hamda yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda mahallalarda aholi o‘rtasida obodonlashtirish madaniyatini yuksaltirish, har bir xonadonni namunali holatga keltirish bo‘yicha targ‘ibot ishlari ham olib borilmoqda. Yangiobodliklar ushbu umumxalq ezgu tashabbusida faol ishtirok etishib, tumanning yanada obod, ozoda va ko‘rkam qiyofa kasb etishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri