Jessi Marsh: Oʻzbekiston terma jamoasi himoyada juda tartibli oʻynaydi
Edmonton shahrida boʻlib oʻtadigan mazkur oʻyin kanadaliklar uchun jahon chempionati guruh bosqichi oldidan tayyorgarlik vazifasini oʻtaydi.
Kanada milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Jessi Marsh Oʻzbekiston terma jamoasiga qarshi oʻtkaziladigan oʻrtoqlik uchrashuvi oldidan oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
«Biz ushbu raqibni yaxshi darajada oʻyin koʻrsata oladigan va bizga qiyinchilik tugʻdira oladigan jamoa boʻlgani uchun tanlagan edik. Ular himoyada juda tartibli oʻynaydi, jismoniy jihatdan baquvvat va atletik jamoa hisoblanadi. Shu maʼnoda, ularning oʻyinida Bosniya va Gersegovina hamda bir guruhdan joy olgan Qatar terma jamoasining uslubi koʻzga tashlanadi. Fabio Kannavaro Oʻzbekiston terma jamoasida yaxshi hajmdagi ishni amalga oshirdi», — dedi 52 yoshli mutaxassis.
Kanada terma jamoasi bosh murabbiyi dunyo reytingida 50-oʻrinda borayotgan va oʻz tarixida ilk bor jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan raqibni munosib baholash kerakligini qayd etdi.
«Futbol jamoatchiligi nuqtayi nazaridan ular katta sahnaga yangi kirib kelishdi va koʻpchilik Oʻzbekistondan nima kutishni bilmasligi mumkin. Biroq biz juda kuchli va agressiv raqibga qarshi oʻyin kutmoqdamiz. Har ikki jamoaning holatidan kelib chiqsak, bu yaxshi sinov boʻladi. Biz oʻz futbolimizni koʻrsatishni, hujumkor oʻynashni va raqibga bosim oʻtkazishni maqsad qilganmiz», — deya qoʻshimcha qildi Jessi Marsh.